Turkmanistonda O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi
Iyul 26, 2026. 12:30 • 2 daq
• 114
ASHXOBOD, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston poytaxtida O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati va ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Turkmaniston Madaniyat vazirligining turizm boshqarmasi, sayyohlik kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari hamda soha vakillari ishtirok etdi.
Brifingda O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasining muhim markazlari hisoblangan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Termiz va Shahrisabz shaharlari bo‘ylab turistik yo‘nalishlar tanishtirildi. Ushbu shaharlarning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani hamda jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni alohida qayd etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda ekoturizm, ziyorat, tibbiy, gastronomik, MICE va ekstremal kabi yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. 2030-yilgacha mo‘ljallangan Turizmni rivojlantirish strategiyasi doirasida vizasiz rejim geografiyasi kengaytirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotgani, raqamli xizmatlar joriy etilayotgani, yangi turistik marshrutlar va klasterlar shakllantirilayotgani ta’kidlandi.
Taqdimot davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimida yetakchi o‘rinlarni egallayotgani qayd etildi. Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan eng ko‘p turistlar tashrif buyurgan bo‘lsa, Rossiya, Afg‘oniston, Xitoy, Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Germaniya ham asosiy turistik bozorlar qatoridan o‘rin olgani ma’lum qilindi.
Tadbirda “Uzbekistan.travel” portali, “UzTourism” mobil ilovasi, interaktiv xaritalar, virtual 3D-turlar va elektron gidlar kabi raqamli yechimlar xorijlik sayyohlar uchun sayohatlarni rejalashtirish va tashkil etishni sezilarli darajada yengillashtirayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma turistik marshrutlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, Turkmaniston bilan “Xiva – Ko‘hna Urganch – Ashxobod – Mari – Buxoro” transchegaraviy turistik yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Brifing yakunida turkmanistonlik turoperatorlar O‘zbekistonga turistlar oqimini ko‘paytirish, o‘zaro turistik almashinuvni kengaytirish va mamlakatimizdagi istiqbolli turizm loyihalarida ishtirok etishga taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi