O‘zbekistonlik yosh olimlar Malayziyada malaka oshirmoqda
Noyabr 29, 2026. 10:00 • 2 daq
• 5KUALA-LUMPUR, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/.O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining 20 nafardan ortiq yosh olimlari Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universitetida (UPSI) malaka oshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tashrif UPSI va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida kelishilgan “O‘zbekiston yosh olimlari UPSIda” dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Delegatsiya tarkibidan asosan “yashil texnologiyalar” va “aqlli shaharlar” yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchilar o‘rin olgan.
Sulton Idris ta’lim universitetida bitiruvchi yosh olimlar va magistrlarga diplom topshirishga bag‘ishlangan “Convokesyen 2026” marosimida UPSI rektori, professor Muhammad Amin bin Taff so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan ilmiy kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi.
Universitet vakili — Malayziyaning Perak shtati malikasi Zara Salim O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev bilan uchrashuv chog‘ida mamlakatimiz mazkur oliygohning eng faol xorijiy hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Malaka oshirish dasturi davomida o‘zbekistonlik yosh olimlar Malayziyaning Perak, Pinang, Negeri-Sembilan shtatlari hamda Kuala-Lumpur shahridagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida bo‘lib, “yashil texnologiyalar” va “aqlli shaharlar”ni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganmoqdalar. Ta’kidlash joizki, bu joriy yilda tashkil etilayotgan ikkinchi shunday dastur bo‘lib, kelgusida uni muntazam ravishda o‘tkazib borish rejalashtirilgan.
1997-yilda tashkil etilgan Sulton Idris ta’lim universitetida 27 mingdan ziyod talaba tahsil oladi va u “Malayziya – O‘zbekiston oliy ta’lim konsorsiumi”da yetakchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil fevral oyida Malayziyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida aynan ushbu universitetda birinchi O‘zbekiston – Malayziya oliy ta’lim forumi o‘tkazilib, 50 dan ortiq hamkorlik hujjatlari imzolangan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


