Berlin konferensiyasida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston yondashuvlari taqdim etildi

Noyabr 27, 2026. 17:50 • 3 daq

• 193
Berlin konferensiyasida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston yondashuvlari taqdim etildi

BЕRLIN, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. 25–26-noyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov “Beqaror dunyoda Yevropaning strategik avtonomiyasini ta’minlash” mavzusidagi Berlin konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Chatham House Berlin” konferensiyasi – 2014-yilda tashkil etilgan xalqaro muloqot platformasi hisoblanadi. U Yevropa xavfsizligi, iqtisodiy rivojlanish va o‘zgarib borayotgan jahon tartibida Yevropaning o‘rni bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun davlat idoralari, ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillarini birlashtiradi.

Qirollik xalqaro munosabatlar instituti (Chatham House) tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning 20 dan ortiq mamlakatidan davlat idoralari, parlamentlar, diplomatik, ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari qatnashdi.

Yevropa xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va xalqaro sheriklikni kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

E.Aripov “An’anaviy ittifoqchilar doirasidan tashqarida: kim Yevropaning yangi strategik sherigiga aylanadi?” mavzusidagi sessiyada nutq so‘zlab, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir yondashuvlarni bayon etdi.

SMTI direktori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti mustahkamlanganini ta’kidladi. Mintaqaviy muloqotning faollashuvi, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va qo‘shma infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi barqaror rivojlanish hamda tashqi sheriklar bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

U 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilishi ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarda yangi bosqichni boshlab berdi hamda uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun asos yaratdi.

Ekspert sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, jumladan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasida birgalikda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashni alohida qayd etdi. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va mintaqa mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda Yevropa investitsiyalari va texnologiyalarining ahamiyati e’tirof etildi.

E.Aripov Yevropaning barqarorligi va farovonligi ko‘p jihatdan uning sheriklari barqarorligiga tayanishini qayd etdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiy mustaqillik va tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish suveren taraqqiyotning asosini tashkil etadi.

Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik modernizatsiya uchun muhim qo‘shimcha manba sifatida qaraladi. Bunda ushbu hamkorlik mintaqa mamlakatlari bilan mustahkam yaxshi qo‘shnichilik aloqalariga ega bo‘lgan an’anaviy va tarixiy sheriklar bilan munosabatlarning o‘rnini bosmaydi.

Shu munosabat bilan, Yevropa Markaziy Osiyo uchun yangi investitsiyaviy, texnologik va tranzit imkoniyatlarini yaratish orqali mintaqada barqaror va oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan muhitni shakllantirishga, shu tariqa o‘zining uzoq muddatli rivojlanishiga ham hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

SMTI direktori so‘zining yakunida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish uchun muntazam ekspertlar muloqotini olib borish muhimligini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish