Moskvada “Made in Uzbekistan” brendi mahsulotlari namoyish qilindi
Mart 26, 2026. 19:29 • 2 daq
• 4
MOSKVA, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Moskva shahrida to‘qimachilik sanoatining yirik xalqaro ko‘rgazmalaridan biri – “Intertkan – 2026” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi “Made in Uzbekistan” brendi ostida yagona milliy ekspozitsiya bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazma doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 180 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan milliy pavilyonda 20 ta yetakchi mahalliy korxonaning mahsulotlari namoyish qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonning yana 8 ta kompaniyasi alohida stendlar bilan ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur ko‘rgazmada ishtirok etish respublika to‘qimachilik sanoatining ishlab chiqarish salohiyatini namoyon etish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi milliy kompaniyalarga mahsulotlarni tashqi bozorlarga ilgari surish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda “Made in Uzbekistan” brendining xalqaro maydonda tanilishini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatdi.
“Intertkan” ko‘rgazmasi Rossiya va MDH mamlakatlaridagi eng yirik xalqaro platformalardan biri bo‘lib, unda to‘qimachilik sanoati uchun uskunalar, xomashyo va tayyor mahsulotlar keng namoyish etib kelinmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi