Logo

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Qatar bozoriga kirib bormoqda

Fevral 24, 2026. 17:58 • 2 daq

80
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Qatar bozoriga kirib bormoqda
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Qatar bozoriga kirib bormoqda
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Qatar bozoriga kirib bormoqda

DOHA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/ Qatar poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan “Doha Dried Fruits and Nuts Expo” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning oltita yetakchi eksportyor kompaniyasi ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur xalqaro maydon o‘zbek oziq-ovqat sanoati salohiyatini Qatar bozorida namoyish etish, yangi strategik hamkorlar topish va eksport hajmini oshirish uchun muhim platformaga aylandi. Ko‘rgazmada mamlakatimizdan “Spice Expert” (ziravorlar), “Iron Lit” (sublimatsiya mahsulotlari), “Irvadon Asal Savdo” (asal va quritilgan mevalar), “Angels Future Trade” (dukkakli mahsulotlar), “Nissa” (ziravorlar va mevalar) hamda “Fruteacorp” (choy mahsulotlari) kabi kompaniyalar qatnashmoqda.

Yurtimizda yetishtirilgan yuqori sifatli mahsulotlar Qatarlik tadbirkorlar, yirik distribyutorlar hamda chakana savdo tarmoqlari vakillari tomonidan yuksak qiziqish bilan kutib olindi. Ayniqsa, sublimatsiya (freeze-dried) texnologiyasida tayyorlangan innovatsion oziq-ovqatlar, tabiiy toza asal va o‘ziga xos taʼmga ega choy turlari Qatar bozorining qatʼiy talablariga to‘la javob berishi alohida eʼtirof etildi.

Ko‘rgazma doirasida mahalliy eksportchilarimiz uchun “B2B” formatida maqsadli muzokaralar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarning dastlabki natijasi sifatida o‘zbek mahsulotlarini Qatar bozoriga yetkazib berish bo‘yicha 1 million dollarlik shartnomaviy kelishuvlarga erishildi.

Bu natijalar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro bozorlarda raqobatbardosh ekanini yana bir bor isbotladi. Qatar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish yo‘lida mazkur ko‘rgazma muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish