“World News Pakistan”: O‘zbekistonning TDTdagi yondashuvi aniq mexanizmlar va loyihalar orqali iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan

Oktabr 06, 2026. 18:49 • 2 daq

• 36
“World News Pakistan”: O‘zbekistonning TDTdagi yondashuvi aniq mexanizmlar va loyihalar orqali iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan

ISLOMOBOD, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning nufuzli “World News Pakistan” elektron nashrida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi iqtisodiy integratsiya jarayonlaridagi faol ishtiroki va strategik tashabbuslariga bag‘ishlangan maqolae’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi 2025-yilda 10,8 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich turkiy makonda o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini yaqqol namoyon etadi. Muallif O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi yondashuvi iqtisodiy sheriklikni aniq mexanizmlar va amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga qaratilganiga alohida e’tibor qaratgan.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish va uning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif qilingani ta’kidlangan. “Bunday mexanizm iqtisodiy tashabbuslarni muhokama qilishdan ularni tizimli ravishda tayyorlash va amalga oshirish bosqichiga o‘tishga xizmat qilishi mumkin”, — deb yozadi nashr. Shuningdek, Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tashkil etish tashabbusi ham muhim qadam sifatida qayd etilgan.

Maqolada transport-logistika masalalariga ham keng o‘rin berilgan. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun yangi transport koridorlari tashqi savdo raqobatbardoshligining asosiy omili hisoblanadi. Xususan, O‘rta koridorning rivojlanishi, uni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lanishi hamda kelgusida Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashishi Markaziy Osiyoni Sharqiy va Janubiy Osiyo, Kavkaz, Turkiya hamda Yevropa bozorlarini bog‘lovchi yirik transport chorrahasiga aylantirishi urg‘ulangan.

Shuningdek, Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani, O‘zbekiston bu jarayonda ushbu jamg‘arma imkoniyatlarini boshqa xalqaro moliya institutlari resurslari bilan uyg‘unlashtirgan holda yirik infratuzilma, sanoat, energetika va “yashil” loyihalarni moliyalashtirish tarafdori ekani bildirilgan.

Maqola so‘nggida O‘zbekiston tomonidan sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish va “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish taklif etilgani yuqori baholangan. Bu tashabbus mintaqadagi data-markazlarni yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali o‘zaro bog‘lab, mamlakatimizning kelajakda nafaqat transport, balki raqamli tranzit va ma’lumotlar almashinuvi markazi sifatidagi rolini sezilarli darajada kuchaytirishi qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish