O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda

Oktabr 22, 2026. 15:30 • 2 daq

• 270
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlarida Osiyo va jahon rekordlarini yangilashda davom etmoqda

AICHI–NAGOYA, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada davom etayotgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari Osiyo va Jahon rekordlarini yangilash va medallar jamg‘arishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Musobaqalarning navbatdagi kuni para yengil atletikachilarimiz qator yuksak natijalarga erishdi. F46 klassida nayza uloqtirish bahsida Shahinaxon Yigitaliyeva 44,99 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi.

Husnoraxon Qudratullayeva esa 41,91 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. F35 klassida yadro uloqtirish bahsida Dilafruzxon Ahmadxonova kumush, Zuhro Fayzullayeva esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Barotjon Baxtiyorov F36 klassida yadro uloqtirish bahsida 15,98 metr natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. 

Sevinchbek Husanov uzunlikka sakrashda, Mohigul Sharobiddinova esa yadro uloqtirishda kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Para velosportning shosse yo‘nalishida Pokiza Ahmadbekova bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Para yengil atletikada Doston Qahhorov, Boburjon Omonov va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev oltin medallarni qo‘lga kiritib, Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini o‘rnatdi. 

Para pauerliftingda Ro‘za Qo‘ziyeva 152 kilogramm natija bilan jahon rekordini yangiladi. Para suzishda Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha usulda suzishda 58,43 soniya natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo rekordini o‘rnatdi.

O‘zbekiston vakillari para dzyudo, para taekvondo va para velosport musobaqalarida ham shohsupaga ko‘tarilib, delegatsiyaning umumiy natijasiga munosib hissa qo‘shdi.

Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi yadro uloqtirish (F32) bahslarida Xurshid Qodirov 9,40 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimiz ushbu natija orqali Paraosiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.

Hozircha, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 32 ta oltin, 35 ta kumush va 34 ta bronza, jami 101 taga yetdi. Hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu natija mamlakatimiz parasporti tarixida Paraosiyo o‘yinlarida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich sifatida tarixga kirmoqda.

Bellashuvlar davom etayotgani va oldinda hali qator musobaqalar borligini inobatga olsak, O‘zbekiston delegatsiyasining medallar soni yanada ortishi kutilmoqda. 

Sportchilarimizning rekordli natijalari mamlakatimizda parasport rivojlanib borayotgani va xalqaro maydondagi salohiyati yuksalayotganini namoyon etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish