Logo

"National Geographic Traveler" jurnali O‘zbekiston shaharlarini Osiyodagi eng go‘zal top-30 taligiga kiritdi

Fevral 26, 2026. 10:34 • 2 daq

43
"National Geographic Traveler" jurnali O‘zbekiston shaharlarini Osiyodagi eng go‘zal top-30 taligiga kiritdi
"National Geographic Traveler" jurnali O‘zbekiston shaharlarini Osiyodagi eng go‘zal top-30 taligiga kiritdi
"National Geographic Traveler" jurnali O‘zbekiston shaharlarini Osiyodagi eng go‘zal top-30 taligiga kiritdi

VARSHAVA, 26-fevral. / “Dunyo” AA/. Xalqaro nufuzli “National Geographic Traveler” jurnalida polshalik yozuvchi va jurnalist Agneshka Franusning O‘zbekistonning tarixiy shaharlari hamda turizm salohiyati haqidagi maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning ushbu soni “Osiyoning 30 ta eng go‘zal shahri” yo‘nalishiga bag‘ishlandi. Maqola muallifi O‘zbekistonni mintaqaning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etib, uning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror arxitekturasi va Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining o‘ziga xos muhiti haqida fikr bildirgan. Materialda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining mintaqa sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Agneshka Franus tarixiy obyektlarning yuqori darajada saqlangani va jozibador ekanini taʼkidlaydi.

Nashrda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan meʼmoriy yodgorliklarga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Buxoroning tarixiy markazi Ark qo‘rg‘oni va Poyi Kalon ansambli, Xiva shahridagi noyob meʼmoriy majmua – Ichan qalʼa yodgorliklari shular jumlasidandir.

Shuningdek, nashrda sayohatchilar uchun zamonaviy sharoitlar, jumladan, rivojlangan transport infratuzilmasi, sayyohlik xizmatlarining mavjudligi va mahalliy aholining juda mehmondo‘stligi tavsiflangan. O‘zbekistonning milliy taomlari, ovqatlarning xilma-xilligi, choy ichish va mehmon kutish anʼanalari bilan bog‘liq madaniy xususiyatlar xususida ham so‘z yuritilgan.

Jurnalist mamlakat bo‘ylab sayohat xavfsizligi, mustaqil sayohat qulayligi, turistik xizmatlar narxi va sifatining qulay nisbatiga eʼtibor qaratadi. Taʼkidlanishicha, oldindan tuzilgan marshrut bo‘lmasa ham, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qulay va taassurotlarga boy bo‘lib qolaveradi.

Bundan tashqari, maqolada mamlakatning tabiiy-geografik xususiyatlari, jumladan, cho‘l va tog‘ landshaftlari, mintaqaning Buyuk Ipak yo‘lining asosiy tuguni sifatidagi tarixiy ahamiyati haqida so‘z boradi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmning qadimiy qalʼalariga sayohatning tavsifi alohida qiziqish uyg‘otadi.

Umuman olganda, material yorqin ifodalangan ijobiy xarakterga ega bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro maydonda xavfsiz, mehmondo‘st va yuksak turizm salohiyatiga ega madaniy boy davlat sifatidagi ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish