O‘zbekiston va Malayziya ilmiy-tadqiqot muassasalari diniy-ma’rifiy sohada hamkorlikni mustahkamlamoqda
Iyul 05, 2026. 10:30 • 2 daq
• 136
KUALA-LUMPUR, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va “Ziyo” media markazi vakillaridan iborat delegatsiya Malayziyada amaliy tashrif bilan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar Malayziya Islomni anglash instituti (IKIM), Malayziya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqaviy markazi (SEARCCT) hamda Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi institutlarida bo‘lib, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashdilar.
Uchrashuvlar davomida islomni to‘g‘ri anglash va sof ta’limotini asrab-avaylash, zamonaviy tahdidlarga qarshi turish hamda turli yot g‘oyalarning oldini olish borasida Malayziyaning ilg‘or tajribasi atroflicha o‘rganildi. Tomonlar bugungi globallashuv davrida yoshlarni din niqobidagi radikallashuv va ekstremizm tahdidlaridan himoya qilishda ilmiy-tadqiqotlar, strategik kommunikatsiyalar hamda alternativ narrativlar yaratish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish davr talabi ekanini alohida ta’kidladilar. Bu borada ikki davlat hamkor tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar yuqori baholandi.
Shuningdek, zamonaviy media vositalari, jumladan, radio, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’rifiy islom g‘oyalarini keng ommaga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Malayziyalik hamkasblar tomonidan amalga oshirilayotgan akademik tadqiqotlar, chop etilayotgan kitob va davriy nashrlar hamda islomiy qadriyatlarni ommalashtirishdagi media loyihalar o‘zaro tajriba almashish uchun muhim manba ekani qayd etildi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar. Kelgusi qadamlar sifatida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish, dolzarb mavzulardagi xalqaro anjumanlarda birgalikda ishtirok etish, sifatli media ishlanmalar yaratish va ilmiy maqolalarni hamkorlikda chop etish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi