Yevropa Ittifoqi Armanistondan import qilinadigan tovarlarning asosiy qismiga bojlarni bekor qiladi
Iyul 05, 2026. 11:15 • 2 daq
• 65
YEREVAN, 5-iyul. /“Dunyo” AA/.Yеvropa Ittifoqi (YI) raisi Ursula fon der Lyayen Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha YI Armaniston eksportining 80 foizi uchun o‘z bozoriga bojsiz kirishni ta’minlashini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “DW”ga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Armaniston va YI o‘rtasidagi sheriklik mustahkamlanayotgani fonida qabul qilingan. Xususan, bojsiz rejim Armanistonning yangi uzilgan mevalarining 99 foiziga hamda ichimliklar va alkogolli mahsulotlarning 91 foizdan ortig‘iga qo‘llaniladi.
Shuningdek, Ursula fon der Lyayen YI Armanistonga 52 million yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatayotganini bildirdi. Ushbu mablag‘ning 34 million yevrosi allaqachon o‘tkazilgan, qolgan 18 million yevro esa yaqin vaqt ichida ajratiladi. Shundan so‘ng YIning Armanistonga ko‘rsatadigan umumiy yordami hajmi 288 million yevroga yetadi.
YI Armaniston Janubiy Kavkazda barqarorlik va demokratik mustahkamlik tayanchi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Bryussel, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlikka erishish yo‘lidagi taraqqiyotni hamda Yerevan va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar normallashuvi davom etayotganini olqishladi.
Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Armanistonda yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari ushbu mamlakatda demokratiya tamoyillarininamoyon etgan. “Arman xalqi islohotlarni va Yevropa Ittifoqi bilan yana-da yaqinroq sheriklikni tanladi”, – deya qayd etdi u.
Bundan tashqari, YI transport, energetika va raqamli kommunikatsiyalar sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida. Qiymati 200 million yevroga teng “Tinchlik uchun aloqa” tashabbusi doirasida Janubiy Kavkazda kommunikatsiyalarni rivojlantirishga 2 milliard yevrogacha davlat va xususiy sarmoyalarni jalb qila oladigan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
YI rahbari “Tinchlik dividendlari” dasturi bo‘yicha Armaniston va Ozarbayjonda mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish uchun 20 million yevro ajratilishini alohida e’lon qildi. Mablag‘lar sog‘liqni saqlash, hududlarni minalardan tozalash, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi