O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida yuridik hamkorlik kengaymoqda
May 05, 2026. 12:25 • 2 daq
• 214VARSHAVA, 5-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Polshaning Gdansk universitetida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Gdansk universitetining Huquq va maʼmuriyat fakulteti rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Unda tomonlar prokuratura organlari faoliyati, ikki mamlakat huquqiy tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlari hamda odil sudlovni taʼminlash masalalarini muhokama qildi. Ishtirokchilar prokurorlar o‘rtasida tajriba almashish, stajirovkalar tashkil etish va amaliy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, delegatsiya universitet talabalari uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazdi va Kriminalistika muzeyi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha universitet rektori, professor Pyotr Stepnovskiy ishtirokida ikki oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Mazkur hujjatda kelgusi o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ilmiy-tadqiqot va taʼlim loyihalarini amalga oshirish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda yuridik amaliyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





