Logo

Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi

May 03, 2026. 16:30 • 3 daq

230
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi

SANKT-PETERBURG, 5-may /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga bag‘ishlangan “O‘zbekiston kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va shahar hukumati hamkorligida tashkil etilib, turli sohalardan tashrif buyurgan delegatsiyalar ishtirokida sermazmun va keng qamrovli dastur asosida o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi, Xalqaro kurash instituti va qator yirik turoperatorlar qatnashdi. Bu tashabbusning nafaqat madaniy, balki iqtisodiy va turistik ahamiyati ham yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Tadbirlar “Nevskaya Ratusha” majmuasida O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti bilan boshlandi. Unda mahalliy turizm sohasi vakillari ishtirok etib, mamlakatimizning xavfsiz, jozibador va gastronomik turizm markazi sifatidagi o‘rni alohida taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq 250 ming rossiyalik mamlakatimizda mehmon bo‘lgan.

Samarqand viloyati hokimligi rahbariyati tomonidan katta turistik guruhlar uchun maxsus tariflar joriy etilishi maʼlum qilindi. Bu tashabbus ommaviy turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tadbirlar doirasida o‘tkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochdi. 2026-yil sentyabr oyida Sankt-Peterburgda o‘zbek madaniyati va milliy taomlariga bag‘ishlangan yirik festival o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tadbir doirasida oshpazlar o‘rtasida kulinariya chempionati o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Rasmiy uchrashuvlar ham samarali kechdi. Jumladan, shahar vitse-gubernatori bilan muzokaralar yakunida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha protokol imzolandi. Shu bilan birga, “Ostrovok” kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu O‘zbekistonning turistik mahsulotlarini xalqaro onlayn platformalar orqali keng targ‘ib qilish imkonini yaratadi.

Uchrashuvlarning ikkinchi kuni asosan amaliy muloqotlarga bag‘ishlandi. Xususan, MDH davlatlari Parlamentlararo assambleyasi vakillari bilan uchrashuvda 2027-yilda O‘zbekistonda “Hamdo‘stlik” Travel Hub (sayohat maydoni) tadbirini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Madaniy dasturlar ham yuqori saviyada tashkil etildi. Primorsk madaniyat markazida o‘tkazilgan o‘zbek madaniyati kechasida ko‘plab tomoshabinlar ishtirok etdi. Konsertlar, milliy raqslar, liboslar namoyishi va anʼanaviy taomlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu bilan birga, sport sohasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xalqaro kurash instituti tomonidan o‘tkazilgan master-klasslar Sankt-Peterburg sportchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mahalliy tashkilotlar kurash bo‘yicha seksiyalar ochish va musobaqalarda ishtirok etish istagini bildirdi.

Uchinchi kun taʼlim va sport sohalariga bag‘ishlandi. Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv va sport sohasida tajriba almashishni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, “O‘zbekiston kunlari” ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Turizm, madaniyat, sport va biznes sohalarida erishilgan kelishuvlar kelgusida yana-da keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilishiga zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish