Elchixona tomonidan “Taʼlim ishlari bo‘yicha faxriy maslahatchisi” unvoni topshirildi
Dekabr 30, 2025. 14:32 • 2 daq
• 83
SEUL, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan “Edulink Global” kompaniyasi rahbari, Toshkentdagi “English Hunt” hamda Qarshidagi “Global Talent Center” o‘quv markazlari asoschisi Xan Chungrimga “Taʼlim ishlari bo‘yicha faxriy maslahatchisi” unvoni topshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xan Chungrimga ushbu mukofot O‘zbekiston taʼlim tizimi rivojiga qo‘shib kelayotgan salmoqli hissasi va xayriya ishlaridagi faol ishtiroki uchun berildi.
Elchixona diplomatlari Xan Chungrimning ushbu faxriy va masʼuliyatli lavozimga tayinlanishi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida taʼlim va fan sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Uning tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni osonlashtirish maqsadida “S-Board” innovatsion aloqa platformasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, Xan Chungrim davlat idoralari xodimlari uchun ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha kompleks o‘quv dasturlarini taqdim etgan. Jumladan, 2022 yilda maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun ingliz tilini o‘rganishga mo‘ljallangan 10 ming nusxada o‘quv kitoblari beg‘araz taqdim etilgan.
2024 yilda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi kam taʼminlangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar markazlariga 6 million vonga teng bo‘lgan planshetlar xayriya sifatida taqdim etilgan.
Xan Chungrim o‘z navbatida mazkur masʼuliyatli lavozim ishonib topshirilgani uchun minnatdorlik bildirdi. U Elchixona bilan hamkorlikda 2026 yilda ham fan va taʼlim sohalarida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali tashkil etish, qator yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi