O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida kino va animatsiya bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi
Oktabr 31, 2026. 10:00 • 2 daq
• 140
TOKIO, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiyaning “Heisei Project” prodyuserlik kompaniyasi vakili Kotaro Okada bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida Kotaro Okada joriy yilning 14–18-oktabr kunlari Yaponiya delegatsiyasining O‘zbekistonga amalga oshirgan amaliy tashrifi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
U safar doirasida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri vakillari bilan uchrashib, fikr-mulohazalar almashganini ta’kidladi.
Elchixonadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar qo‘shma ijodiy loyihalarni amalga oshirish, kasbiy aloqalarni kengaytirish hamda O‘zbekiston va Yaponiya kreativ sanoati vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Ikki mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini ommalashtirishda kino va animatsiya imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, milliy an’analarni targ‘ib qilish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda zamonaviy vizual san’at vositalarining muhim o‘rni qayd etildi.
Muloqot chog‘ida amaliy aloqalarni davom ettirish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini puxta ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etish ikki mamlakatning ijodiy va intellektual salohiyatini birlashtirish, o‘zbek va yapon madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi