Pokiston kompaniyasi rahbari bilan Yangi Toshkentda turar joy va savdo obyektlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi

Oktabr 17, 2026. 10:00 • 2 daq

• 53
Pokiston kompaniyasi rahbari bilan Yangi Toshkentda turar joy va savdo obyektlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik biznes guruhlaridan biri – “Arif Habib Group” asoschisi va bosh direktori Arif Habib bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat avvalida Pokiston tomoni uchun Yangi Toshkent shahrini barpo etishning asosiy maqsadlari, shahar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, “Arif Habib Group” ishtirokida O‘zbekistonda, xususan, Yangi Toshkent hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Pokistonlik investorga Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualari, biznes va ofis markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda boshqa ko‘chmas mulk loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Kompaniya rahbari O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlarini yuqori baholab, mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishdan mamnunligini bildirdi. U Yangi Toshkentda ko‘chmas mulk va qurilish sohalaridagi istiqbolli loyihalarni o‘rganishga tayyorligini ta’kidladi.

– “Arif Habib Group” Pokistonning Karachi, Lahor va Islomobod shaharlarida yirik qurilish va ko‘chmas mulk loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega, – dedi Arif Habib. – Shu bois Yangi Toshkent hududida turar joy, ofis va savdo obyektlarini barpo etishga qaratilgan investitsiya takliflari ustida ishlashga tayyormiz. Dastlabki bosqichda, qurilish va ko‘chmas mulk yo‘nalishlari bo‘yicha texnik-iqtisodiy tahlil o‘tkazish, uning natijalari asosida esa ustuvor investitsiya loyihasini shakllantirishni rejalashtiryapmiz.

Muzokaralar yakunida muhokama qilingan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish maqsadida Yangi Toshkent direksiyasi rahbariyati bilan muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

“Arif Habib Group” kapital bozori va qimmatli qog‘ozlar, investitsiya bankingi va moliyaviy xizmatlar, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, sement va qurilish materiallari hamda ko‘chmas mulk hamda sohalarida faoliyat yurituvchi Pokistonning yirik biznes guruhlaridan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish