Logo

Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi yangilanadi

Yanvar 16, 2026. 12:29 • 3 daq

87
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi yangilanadi
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi yangilanadi

ISLOMOBOD, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” va “The World News” elektron nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishiga oid maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda taʼkidlanganidek, yig‘ilish avvalida davlat rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda o‘tayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti tashqi siyosat borasida 2025-yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etdi. O‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, yangi tariximizda ilk bor qator davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.

“Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda”, – deya O‘zbekiston Prezidenti fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolalarda.

Maʼlum qilinishicha, 2017 yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanyaptimi?” degan masala o‘rtaga qo‘yildi, deb taʼkidlangan materialda.

“O‘zbekiston yetakchisi hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emasligini, elchi – investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakili ekanligini alohida urg‘uladi”, – deyilgan materiallarda.

Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu nuqtai nazardan elchilarga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yo‘nalishlarida eksportni kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, issiqxona va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan ishlash vazifalari qo‘yildi.

Maqolalarda yozilishicha, yangi eksport yo‘nalishi sifatida Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda tegishli vazirliklar va elchilar ishtirokida aniq “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.

Pokiston OAV xabar qilganidek, yig‘ilishda O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.

“O‘zbekiston Prezidenti yangi konsepsiya mamlakatning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozimligini alohida qayd etdi”, – deb yozilgan maqolalarda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish