Logo

“Ulysmedia.kz”: O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalariga qator imtiyozlar beruvchi hujjat imzolandi

Yanvar 16, 2026. 15:12 • 2 daq

61
“Ulysmedia.kz”: O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalariga qator imtiyozlar beruvchi hujjat imzolandi

OSTONA, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Ulysmedia.kz” axborot nashrida “Kreditlar $2 milliongacha: O‘zbekiston biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi dasturini ishga tushiradi” nomli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qozog‘iston nashrining yozishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik korxonalarini xalqaro savdoda qo‘llab-quvvatlash va global taʼminot zanjirlarida ishtirok etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

To‘qimachilik korxonalari endi uch toifaga bo‘linadi, ularning har biri bo‘yicha manzilli yordam dasturi rejalashtirilgan.

Farmonga ko‘ra, korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2 million AQSh dollarigacha ular tomonidan xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki o‘zi yetishtirgan xomashyoni garovga olgan holda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan kreditlar ajratiladi.

Sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.

Paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 2026–2027-yillarda to‘lov grafiklarida yanvar-fevral oylari uchun belgilangan to‘lovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi 6 oyga teng taqsimlangan holda to‘lashga ruxsat beriladi.

Farmonda belgilanishicha, yengil sanoat korxonalarida 2026-yil 1-yanvardan quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi joriy qilinadi.

2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi.

Tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan 1 yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

Charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish