Logo

“Bobur bog‘i” Pokiston poytaxtining eng so‘lim maskanlaridan biriga aylanadi

Fevral 19, 2026. 14:23 • 3 daq

111
“Bobur bog‘i” Pokiston poytaxtining eng so‘lim maskanlaridan biriga aylanadi
“Bobur bog‘i” Pokiston poytaxtining eng so‘lim maskanlaridan biriga aylanadi
“Bobur bog‘i” Pokiston poytaxtining eng so‘lim maskanlaridan biriga aylanadi
“Bobur bog‘i” Pokiston poytaxtining eng so‘lim maskanlaridan biriga aylanadi

ISLOMOBOD, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan joriy yil 14–17-fevral kunlari O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov boshchiligidagi delegatsiyaning Islomobod shahrida tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Pokiston xalqiga tuhfa qilingan, Islomobod shahrida qurilishi rejalashtirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ni barpo etish bilan bog‘liq masalalarni mezbon mamlakat vakillari bilan muhokama qilish va tegishli qarorlar loyihasini tayyorlash maqsadida uyushtirildi.

Safar doirasida O‘zbekiston elchixonasida “Bobur bog‘i” loyihasiga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Sherzod Xidoyatov, Islomobod shahar hokimligi (CDA) raisining o‘rinbosari Saniya Xamid Pasha, CDA atrof-muhitni asrash departamenti rahbari Axtar Rasul, “HRL” kompaniyasi bosh arxitektori Imran Aslam, bosh menejer Shamil Xan, kompaniya raisi maslahatchisi Xalid Taymur Akrom ishtirok etdi.

Tomonlar mazkur madaniy-maʼrifiy maskanning arxitekturaviy yechimlari, infratuzilmasi va uni amalga oshirish bosqichlari yuzasidan fikr almashdi.

Muloqot chog‘ida bog‘ni barpo etish jarayonida zamonaviy shaharsozlik tajribasi va ilg‘or arxitektura yutuqlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida Islomobod shahrida “Bobur bog‘i”ni barpo etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Mazkur bog‘ O‘zbekiston xalqidan Pokiston xalqiga samimiy ehtirom va do‘stlik ramzi sifatida taqdim etiladigan maʼnaviy sovg‘a bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, madaniy yaqinlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Elchi Alisher To‘xtayev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Islomobod shahrida barpo etilayotgan ushbu bog‘ning ahamiyati, uning konseptual yo‘nalishlari hamda amalga oshirish muddatlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, “Bobur bog‘i” nafaqat dam olish maskani, balki ikki xalqni bog‘lab turuvchi tarixiy xotira va madaniy meros ramziga aylanadi.

Bundan tashqari, “Bobur bog‘i” loyihasi yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida bog‘ning bosh rejasi, landshaft dizayni, muhandislik kommunikatsiyalari, ekologik yondashuvlar va xavfsizlik chora-tadbirlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, “Bobur bog‘i” Islomobod shahrining F-7 sektorida joylashgan 2,5 gektar maydonda bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaga muvofiq, hududda bolalar va kattalar uchun zamonaviy ko‘ngilochar attraksionlar, sport maydonchalari, sayr yo‘laklari, favvoralar, yashil hududlar hamda O‘zbekiston milliy taomlari taklif etiladigan choyxona barpo etiladi. Bog‘ markazidan ulug‘ ajdodimiz, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning byusti joy oladi. Bog‘ hududida madaniy tadbirlar va oilaviy dam olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan.

Muhokamalar chog‘ida ishtirokchilar tomonidan bog‘ konsepsiyasini yanada takomillashtirish, uning meʼmoriy qiyofasida milliy anʼanalar va zamonaviy uslub uyg‘unligini taʼminlash, shuningdek, loyihani amalga oshirishda sifat masalalariga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Davra suhbatidan so‘ng, “Bobur bog‘i” uchun ajratilgan maydon ko‘zdan kechirildi, rejalashtirilayotgan loyiha muhokamasi borasida dala tadqiqotlari o‘tkazildi.

Tomonlar Islomobod shahrida mazkur tashabbusning amalga oshirilishi, Bobur va Boburiylar merosini saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish