O‘zbekiston va O‘mon parlamentlari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi
Aprel 17, 2026. 10:12 • 2 daq
• 128MASKAT, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va O‘mon Davlat kengashi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, O‘mon bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi rahbari Erkin Gadoyev ishtirok etdi. O‘mon tomonidan esa Davlat kengashi raisining o‘rinbosari shayx Hilol bin Ali bin Zohir al-Hinai qatnashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanib borayotganini taʼkidladi. So‘nggi yillarda rasmiy delegatsiyalar, vazirlar va idora rahbarlarining o‘zaro tashriflari hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Suhbat jarayonida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Senatida faoliyat yuritayotgan do‘stlik guruhining ahamiyati taʼkidlandi. Shu bilan birga, O‘mon parlamentida ham shunga o‘xshash guruh tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu esa ikki mamlakat qonun chiqaruvchilari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlar yuqori palatalari rahbarlarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va mavjud hamkorlik imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


