Logo

Rossiyaning Tomsk shahrida vatandoshlar bilan mavjud muammolar muhokama qilindi

Aprel 17, 2026. 09:22 • 2 daq

57
Rossiyaning Tomsk shahrida vatandoshlar bilan mavjud muammolar muhokama qilindi

NOVOSIBIRSK, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Rossiyaning Tomsk viloyatida joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaz rahbariyati maʼlum qilishicha, fuqarolar ushbu muassasada mehnat shartnomalari va patentlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirmagani, Rossiya hududida qonuniy yashash talablariga rioya qilmagani sababli saqlanmoqda.

Uchrashuv davomida hamyurtlarimiz Bosh konsulxona tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi. Ular muassasa xodimlarining yaxshi munosabati hamda yaratilgan shart-sharoitlarni ijobiy baholadi.

Diplomatlarning taʼkidlashicha, yaqin kunlarda ikki nafar yurtdoshimizning O‘zbekistonga qaytarilishi rejalashtirilgan. Qolgan olti nafar hamyurtimiz ham yaqin vaqt ichida Vatanga olib kelinadi.

Shuningdek, tashrif doirasida Tomsk shahrida mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli tashkil etildi.

Vatandoshlarga xorijda bo‘lish davomida mahalliy qonun-qoidalarga qatʼiy rioya qilish zarurligi eslatildi. Shuningdek, huquqlari buzilgan hollarda yoki muammolar yuzaga kelganda, zudlik bilan Bosh konsulxonaga murojaat qilish tavsiya etildi.

Konsullik qabuli davomida ayrim muammolar, jumladan, migratsiya hisobiga turish va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish masalalari joyida hal etilgan. Bir qancha hamyurtlarga pasport hamda Vatanga qaytish sertifikatlari topshirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish