O‘zbekiston Prezidenti Namangan xalqaro gullar festivalining mehmoni bo‘ldi

Iyun 23, 2026. 19:35 • 2 daq

80
O‘zbekiston Prezidenti Namangan xalqaro gullar festivalining mehmoni bo‘ldi

TOSHKENT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi asnosida bugun an’anaviy gullar festivaliga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, festival muddati 2018-yildagi 3 kundan 2025-yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 ming nafarga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.

Navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.

Joriy yil 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali ham o‘zgacha shukuh bilan o‘tmoqda.

Festival “Ginnessning rekordlar kitobi”ga rasman kiritildi. Uning doirasida kitob vakillari bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekilishi jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.

Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish