O‘zbekiston Prezidenti raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi
Aprel 07, 2026. 20:41 • 8 daq
• 90
TOSHKENT, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilish avvalida O‘zbekiston yetakchisi sport nafaqat musobaqa, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuch ekanini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, so‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshladi. Sport bilan professional shug‘ullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo‘yicha esa 3 barobar ko‘paydi.
Birgina o‘tgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.
Yig‘ilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.
Bugun olimpiada sport turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, chempion tayyorlash va musobaqalarga litsenziya qo‘lga kiritish borasida natijalar yana-da yuqori bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida o‘tgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub tashkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha joriy yilgi O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.
Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini o‘rganib, uni barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.
Ayrim maktablarda to‘garaklar faqat nomiga tashkil etilgani, shu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnashib kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, o‘tgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘onadagi maktab o‘quvchilarining to‘rtdan biri jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha minimal talabni ham bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun zarur sharoit yaratish, qamrovni oshirish va bolalarni sportga keng jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Bugun ayrim ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqo‘rg‘ondagi bitta sport maktabichalik emas. Jarqo‘rg‘on sport maktabi o‘tgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan bo‘lsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.
Shu munosabat bilan har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining ish uslubini o‘zgartirish, o‘sish nuqtalarini aniq belgilash, ularning oylik maoshini tarbiyalanuvchilar natijasiga bog‘lash zarurligi taʼkidlandi.
Qolaversa, yuqori natijaga erishgan sport maktablarini amaldagi rag‘batlantirishdan tashqari yana 500 million so‘mdan alohida mukofotlash tizimi joriy etiladi.
Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.
Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini o‘rganish, sportni rivojlantirish bo‘yicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, o‘q otish bazasida zarur sharoitlar yaratilgani tufayli ushbu sport turida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika va suzishda ham ijobiy siljishlar borligi eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shug‘ullanuvchilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika bo‘yicha salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.
Bugun sportchilarni jarohatdan tiklash, mushak holatini tekshirish va funksional tahlil qilish ishlari asosan xorijda amalga oshirilayotgani, federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni chetdan jalb qilishga majbur bo‘layotgani taʼkidlandi.
Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining sog‘lig‘ini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shug‘ullanuvchi aholi orasidan “sog‘lom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sog‘lom turmush tamoyillarini targ‘ib qiladi.
Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy bo‘lgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million so‘mgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama to‘lanadi.
Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashg‘ulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1 maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.
Yig‘ilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish bo‘yicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi o‘z xodimlarining sport bilan shug‘ullanishi uchun namuna bo‘lishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.
Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar o‘rtasida respublika birinchiliklari o‘tkaziladi.
Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar o‘z ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda solig‘i bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Yig‘ilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.
Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga ko‘ra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport to‘garaklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, sport yo‘nalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun to‘garaklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. To‘garaklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.
Yig‘ilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashg‘ulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.
Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan bo‘lishi, natijasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy qilinishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari ko‘paysa, bunday olimlar 100 million so‘mdan mukofotlanadi.
Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa o‘tkaziladigan sport turlari 2 karra ko‘paytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport bo‘yicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi o‘z hududida Hokim olimpiadasini o‘tkazadi. Ularning g‘oliblari Prezident olimpiadasiga yo‘llanma oladi.
Adaptiv sport turlari bo‘yicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport bo‘yicha tayanch oliygohga aylanadi.
Prezidentimiz parasportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tunu kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi o‘quv-yig‘inlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh to‘lanadi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi bo‘lish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarurligini taʼkidladi.
Shu nuqtai nazardan, futbol bo‘yicha milliy chempionat o‘yinlarini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ayrim o‘yinlar ish vaqtida o‘tkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.
O‘yinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qo‘shimcha xizmatlar, musiqiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yo‘lga qo‘yish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda bo‘lgani sababli to‘liq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari bo‘yicha ham seksiyalar tashkil etish, O‘zbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi