O‘zbekiston Prezidenti raisligida Yangi Toshkent qurilishi va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bo‘yicha vazifalar belgilandi
Noyabr 18, 2026. 20:45 • 4 daq
• 113
TOSHKЕNT, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir oy avval O‘zbekiston Prezidenti Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab, ishlar natijasini har oy muhokama qilib borishga ko‘rsatma bergan edi.
O‘tgan haftada qabul qilingan alohida farmon bilan investorlar, tadbirkorlar va hududlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar hamda yangi tashkiliy mexanizmlar joriy etildi.
Yig‘ilishda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish va mavjud tashkiliy masalalarni tezkor hal etish vazifalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qat’iy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Tadbirkorlar sarmoya kiritishga tayyor ekani, buning uchun ularga ortiqcha to‘siqlarsiz, tezkor va aniq yechimlar taqdim etish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha kunlik manzilli nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
Bunda qurilish maydonlarini o‘z vaqtida tayyorlash va investorlarga zarur sharoitlarni yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, ushbu ishlar markazlashgan holda Yangi Toshkent direksiyasi orqali tashkil etiladi.
Investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tayyorligiga ham bevosita bog‘liq.
Davlatimiz rahbari yangi shaharda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari o‘zaro uyg‘un olib borilishi shartligini ta’kidladi. Elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar tayyor bo‘lishi lozim.
Shu munosabat bilan viloyatlarga biriktirilgan hududlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, yangi shaharning me’moriy qiyofasi va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatlarga biriktirilgan hududlar faqat turar joylar bilan cheklanib qolmasligi, ularda zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari, shuningdek, aholi dam olishi uchun qulay jamoat maskanlari tashkil etilishi zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu jarayonda har bir inshoot yangi shaharning yagona me’moriy konsepsiyasi va “yashil qurilish” talablariga to‘liq mos kelishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hududlar o‘rtasida zamonaviy arxitektura yechimlarini qo‘llash, yirik xalqaro brendlarni jalb qilish, xiyobonlar va jamoat joylarini namunali tashkil etish bo‘yicha sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga ham e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning kuzgi ko‘chat ekish mavsumi 8-noyabrdan boshlanganiga qaramay, ayrim hududlarda ishlar sust tashkil etilayotgani bildirildi. Xususan, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida belgilangan rejalar ijrosi qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan bir qismi nobud bo‘lgani, ayrim joylarda esa amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga kiritilgani keskin tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari daraxt ekishda son ortidan quvish emas, balki ko‘chatlarning tutib ketishi va uzoq yillar davomida o‘sishini ta’minlash asosiy mezon bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Buning uchun har bir hududning iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, suvsizlik, issiqlik va sho‘rlanishga chidamli daraxt turlarini tanlash, sug‘orish tizimlarini yaratish hamda ko‘chatlarni doimiy parvarishlash zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, ko‘kalamzorlashtirishda mahalliy iqlimga mos, parvarishi qulay o‘simliklardan keng foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun mahalliy gul va manzarali o‘simliklarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan ko‘chatxonalar tashkil etib, suvni ko‘p sarflaydigan chim ekish amaliyoti o‘rniga tojixo‘roz, rayhon, jambul kabi o‘simliklar hamda mahalliy butalarni ekishga ustuvor e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uch tupdan daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish va mazkur jarayonda mahalla raislari hamda o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga joriy yilda ekiladigan ko‘chatlarning kamida 90-95 foizi tutib ketishini ta’minlash, avvalgi yillarda barpo etilgan yashil maydonlarni saqlash va parvarishlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi