Pokiston mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti: O‘zbekiston Prezidenti — Yangi O‘zbekiston va yangilangan Markaziy Osiyo mintaqasi meʼmori
Yanvar 31, 2026. 13:00 • 3 daq
• 3ISLOMOBOD, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. Shu yil 29-yanvar kuni «Pokiston va O‘zbekiston: o‘zgaruvchan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish» mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Konferensiya O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida Pokiston mintaqaviy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etildi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi tahlil markazlari rahbarlari va mutaxassislari, fuqarolik jamiyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyani ochar ekan, Pokiston mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti Javhar Salim O‘zbekistonning Pokiston uchun Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatidagi, shuningdek, barqaror mintaqalararo transport va logistika aloqalarini rivojlantirishda muhim bo‘g‘in sifatidagi strategik ahamiyatini taʼkidladi. U siyosiy bayonotlardan aniq loyihalarga, ayniqsa savdo, investitsiya va tranzit sohalariga o‘tish zarurligini qayd etdi.
Maʼruzachining so‘zlariga ko‘ra, soha mutaxassislari siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli hamkorlik kun tartibini shakllantirishda faol o‘rin tutishi kerak.
«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston xalqining buyuk do‘sti. Uning Islomobodga bo‘lajak davlat tashrifi mamlakatimiz milliy manfaatlari uchun juda muhim. Biz, shuningdek, O‘zbekiston yetakchisini Yangi O‘zbekiston va yangilangan Markaziy Osiyo mintaqasining meʼmori sifatida ham bilamiz», - dedi Javhar Salim.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov o‘zining kirish nutqida O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari yuqori darajadagi siyosiy ishonch va umumiy uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tganini taʼkidladi.
«O‘zbekiston Prezidentining Islomobodga bo‘lajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirish uchun qo‘shimcha turtki bo‘la oladigan muhim siyosiy voqea bo‘ladi. Xavfsizlik, iqtisodiyot va mintaqaviy aloqalar yo‘nalishidagi amaliy takliflarni ishlab chiqishda mutaxassislar muloqotining roli alohida ahamiyatga ega», - dedi Eldor Aripov.
O‘zbekiston elchisi Alisher Tuxtayev o‘z nutqida xalqaro tizimdagi chuqur o‘zgarishlar hamda geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklarning kuchayib borishi sharoitida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini va strategik sheriklik tomon izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
«Ikki mamlakat o‘rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy o‘zaro tushunish, ikki tomonlama muloqotning muntazamligi hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil fevral oyi boshida Islomobodga bo‘lajak davlat tashrifi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishda katta ahamiyatga ega», – dedi O‘zbekiston elchisi.
Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, ishtirokchilar eʼtiborini Pokistonning Janubiy Osiyoda O‘zbekiston uchun ishonchli sherik va global bozorlarga muhim tranzit nuqtasi sifatidagi ortib borayotgan roliga qaratdi. U savdo-iqtisodiy aloqalarning barqaror o‘sishi, huquqiy asosning kengayishi, biznes, transport va gumanitar aloqalarning faollashib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston–Pokiston hamkorligini rivojlantirishda mintaqaviy kun tartibining, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatning ahamiyatini alohida taʼkidladi.
O‘zbekiston elchisi onlayn konferensiya tahliliy muloqotni institutsionallashtirish, amaliy tavsiyalar tayyorlash va ikki mamlakat o‘rtasida mutaxassislar hamkorligining barqaror mexanizmini yaratishga qaratilganini ham urg‘uladi.
Onlayn konferensiya doirasida «Siyosiy muloqot va xavfsizlik masalalari», «Iqtisodiy va sanoat hamkorligi», «Transport va logistika aloqalari» hamda «Inson kapitali, taʼlim va texnologiyalar» mavzularida to‘rtta panel sessiyasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



