Logo

Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari muhokama qilindi

Yanvar 30, 2026. 20:13 • 4 daq

52
Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, o‘tgan yillarda olib borilgan islohotlar va tizimli chora-tadbirlar natijasida viloyat iqtisodiyotida tarkibiy transformatsiya yuz berdi. Natijada hudud agrar sohadan diversifikatsiyalangan sanoat, xizmatlar va zamonaviy agroklasterlarga ixtisoslashdi. To‘qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektrotexnika va turizm kabi yangi o‘sish drayverlari shakllandi.

Yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi 9,1 foizdan 18,8 foizga oshdi, qishloq xo‘jaligining ulushi 50 foizdan 36 foizga kamaydi. Shuningdek, ishsizlik va kambag‘allik tegishlicha 4,9 va 5,8 foizga kamaydi, eksport 1,8 barobar, xizmat ko‘rsatish 1,6, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 1,9 barobar ko‘paydi.

25 ta yirik hamda 533 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirildi, 1,4 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksportchi korxonalar soni 160 taga yetib, eksport hajmi 285 million dollarni tashkil qildi.

Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allik va ishsizlikni yana-da qisqartirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida keskin o‘sishga erishish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, 2026-2027-yillarda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish surʼatlarini 8,5 foizga yetkazish, sanoatda ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish, 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Eʼtiborlisi, o‘tgan yillarda investitsiyalar asosan xomashyo qazib olish yoki oddiy yig‘uv ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endilikda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat loyihalariga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allikni 2,8 foizga tushirish, 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari bu maqsadlarga viloyatdagi mahallalarni chuqur ixtisoslashtirmasdan erishib bo‘lmasligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan viloyatda kelgusi ikki yilda yangi model rivojlantiriladi. Hududdagi 304 ta mahallaning solishtirma ustunliklari tahlil qilinib, ularning bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavot va polizchilik, sanoat, servis hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish dasturi ishlab chiqildi.

Dastur doirasida 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarda sertifikatlangan ko‘chatlar ekish, 4,6 ming gektar sanoatlashgan plantatsiyalar barpo etish, 10 ming gektar aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida hosildorligi yuqori va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, 101 ming bosh chorva mollarining naslini yangilash, 5 ta sanoat mikromarkazlari, 6 ta yirik turizm majmualarini tashkil etish, har bir tuman markazida istirohat bog‘larini barpo qilish va gavjum ko‘chalar tashkil etish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda “drayver” loyihalar infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida 2026-2027-yillarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bunda viloyatdagi qo‘rg‘oshin-rux, volfram, oltin va boshqa noruda konlardan samarali foydalanish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Zomin tumanida qishloq xo‘jaligi ilmiy-sanoat parki loyihasining taqdimotida makkajo‘xorini qayta ishlab, yuqori fruktozali sirop va allyuloza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgani aytildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida naslli chorva mollarni xarid qilish, tuyachilikni rivojlantirish, “Jayilma” kanalini rekonstruksiya qilish choralari ko‘riladi.

Davlatimiz rahbari viloyatni rivojlantirishda tog‘li va cho‘l hududlarning salohiyatini alohida yondashuvlar asosida ro‘yobga chiqarish zarurligini taʼkidladi. Jumladan, joriy yilda 25 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini foydalanishga kiritish va yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Jizzax viloyatining turizm salohiyati ham tahlil qilindi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, shuningdek, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarining imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi.

Shu munosabat ushbu tumanlarda turizm majmualarini tashkil etish, Arnasoy aeroportini kengaytirish, xalqaro avtomobil yo‘llar bo‘yida savdo-servis majmualarini qurish rejalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda mahallalarda ijtimoiy obyektlar, yo‘llar, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari qurilishi uchun 30 million dollar, kelgusi yilda esa yana 10 million dollar mablag‘ ajratiladi. Buning hisobiga 14 mahalladagi ijtimoiy soha obyektlari, olis 28 ta mahallani bog‘lovchi 105 kilometr yo‘llar, 9 ta mahalla aholisi uchun 50 kilometr ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, 13 ta mahallada 65 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va taʼmirlanadi.

Shaharsozlik yo‘nalishida Baxmal, Zafarobod va G‘allaorol tumanlarini fazoviy rejalashtirish va bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantiriladi. Bu bo‘yicha ishlab chiqiladigan bosh rejada shahar ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 kilometrlik aylanma yo‘l qurish, shahar va tumanni bog‘laydigan yagona jamoat transport tizimini yo‘lga qo‘yish, yagona maʼmuriy bino qurish orqali tashkilotlarni bir joyga ko‘chirish nazarda tutiladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga viloyatni yana-da rivojlantirish doirasidagi har bir loyihani aholi bandligi hamda turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish