Pokiston OAV: Oʻzbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda
Yanvar 01, 2026. 10:36 • 4 daq
• 25
ISLOMOBOD, 01-yanvar. / “Dunyo” AA /. Pokistonning «Margalla Tribune», «Daily Sub News», «Diplomatic Affairs», «Pakistan In the World» va «The World News» kabi OAVda “Oʻzbekistonning faol diplomatiyasi: 2025-yil – jadal muloqotdan aniq natijalargacha” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Ularda 2025-yil Oʻzbekiston uchun tashqi siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash bosqichi boʻlgani taʼkidlagan. “Global institutlar transformatsiyasi, resurslar va bozorlar uchun raqobat kuchayib borayotgan murakkab va noaniq xalqaro vaziyat sharoitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiq, pragmatik, faol va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Aynan shunday yondashuv nafaqat tashqi aloqalarning barqarorligini saqlab qolish, balki ularga mamlakatning uzoq muddatli manfaatlari va ichki rivojlanish vazifalariga mos keladigan yangi mazmun baxsh etish imkonini berdi”, – deyiladi manbalarda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, keyingi paytda Respublika global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
“Yangi Oʻzbekistonning diplomatik strategiyasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ajralmas qismi sifatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalar, xorijiy sayyohlarni jalb qilish, eksport salohiyatini kengaytirish uchun qulay tashqi sharoitlarni shakllantirish, gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ochiqlik, teng huquqli sheriklik, oʻzaro hurmat, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilish tamoyillari doimo tashqi siyosiy yoʻlning asosini tashkil etgan”, – deya qayd etgan Pokiston elektron nashrlari.
Dunyoning koʻzga koʻringan yetakchilari bilan oliy darajadagi siyosiy muloqot yangi bosqichga koʻtarildi va muntazamlik kasb etdi. Xussan, 2025-yilda davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar soni 55 tadan oshgani xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yuqori darajadagi faol siyosiy muloqotni rivojlantirish jarayonida ham shunga oʻxshash tendensiya kuzatildi. Yil davomida Oʻzbekistonning yuqori darajadagi delegatsiyalari sayyoramizning deyarli barcha muhim mintaqalarini qamrab olgan holda dunyoning 93 davlatiga 172 ta tashrifni amalga oshirdi. Xalqaro kun tartibini shakllantirishda vazirliklar, idoralar va mintaqaviy maʼmuriyatlar vakillari ham muhim rol oʻynadi, ular diplomatik missiyalar koʻmagida 50 dan ortiq mamlakatga 300 ga yaqin xizmat safarlarini amalga oshirdilar, bu esa tashqi aloqalarni amaliy yoʻnaltirilgan darajaga olib chiqish imkonini berdi.
“Oʻzbekiston mezbon sifatida jahon diplomatiyasi markazlaridan biriga aylandi. Mamlakat Parlamentlararo Ittifoq, BMT fuqarolik xizmati, YUNESKO Bosh konferensiyasi, Xalqaro iqlim konferensiyasi, mintaqa davlatlarining Toshkent sammiti va boshqa qator yirik anjumanlar tashkil etilgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi”, – deya urgʻulangan maqolalarda.
Shuningdek, nashrlarda, Oʻzbekistonning tashqi siyosiy strategiyasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik alohida oʻrin tutishi eʼtirof etilgan. Qayd etilganidek, 2025-yilda ushbu ustuvor yoʻnalish yanada institutsional rivojlantirildi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qildi va raislik birinchi marta alohida kompleks dastur asosida amalga oshirildi.
“Jahonning asosiy kuch markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish yoʻlini davom ettirgan holda Oʻzbekiston Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan munosabatlarni izchil rivojlantirib kelmoqda. Noyabr oyida Vashingtonda AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarini birlashtirgan «S5+1” formatidagi sammitning muvaffaqiyatli yakunlari bu borada muhim voqea boʻldi», – deb taʼkidlangan materiallarda.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishidagi ishtiroki ham yakunlanayotgan yilning muhim voqeasi boʻldi. Davlat Rahbarining BMT minbaridagi nutqi esa mamlakatning koʻp tomonlamalik, tinch muloqot va dolzarb global muammolarga birgalikda yechim topish tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston faol siyosiy diplomatiya bilan bir qatorda, 2025-yilda iqtisodiy diplomatiyani jadal rivojlantirdi. “Tashqi ishlar vazirligi – diplomatik vakolatxonalar – tarmoq idoralari – hududlar” shaklidagi tizimli ishlar xorijiy investitsiyalarni jalb etish va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi. Yilning oʻtgan oʻn oyida diplomatik missiyalar koʻmagida 34,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.
“2025-yil yakunlari sarhisob qilinar ekan, ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston tashqi siyosati yuqori darajadagi yetuklik, izchillik va natijadorlikni namoyish etdi” , – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi