Logo

Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida iftorlik tadbiri o‘tkazildi

Mart 14, 2026. 09:10 • 2 daq

104
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida iftorlik tadbiri o‘tkazildi

KUALA-LUMPUR, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Kuala-Lumpurda O‘zbekiston fuqarolari uchun iftorlik tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir mamlakatning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda o‘qituvchi va talabalar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, Kuala-Lumpurdagi Butunjahon yoshlar assotsiatsiyasi vakillari, shuningdek, Malayziyada mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvni elchi Karomiddin Gadoyev kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni Ramazon oyi bilan tabrikladi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga yoshlarning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi. Ramazon oyining ma’naviy ahamiyati, yurtdoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va aloqalarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv doirasida elchixona vakillari va tadbir ishtirokchilari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi, unda vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi.

Malayziya xalqaro islom universiteti talabasi Sarvar G‘ayratiy bunday uchrashuvlar turli ta’lim muassasalari talabalari bilan tanishish va muloqot qilish imkonini berishini ta’kidladi.

Malayya universiteti doktoranti, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti Jaloliddin Patxiddinov olgan bilim va tajribasini yurtimizga qaytgach, hayotga tatbiq etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

UCSI universiteti magistranti Shahzod Yo‘ldashev tadbir davomida turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz bilan yaqindan tanishganini ta’kidladi.

Iftorlik tajriba almashish, o‘quv va ish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, Malayziyadagi o‘zbekistonlik vatandoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun platformaga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish