Logo

O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi

Mart 13, 2026. 20:17 • 8 daq

105
O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi

TOSHKENT, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yurtimiz nufusi 38 milliondan oshdi, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi ikki karra ko‘paydi. Xalqimiz og‘irini yengil qilish, uni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahalla darajasida ishlaydigan tizim yaratildi. Joriy yilda ham mahallalarda infratuzilma va aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.

Davlatimiz rahbari shuncha imkoniyat boʻla turib, aholi koʻtarayotgan masalalarga hamma joyda ham oʻz vaqtida yechim topib berilmayotganini koʻrsatib oʻtdi.

– Bundan toʻqqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qoʻyilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. Toʻgʻri, Xalq qabulxonalari oʻz vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda oʻzgartiradigan vaqt keldi, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda bundan buyon “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida koʻmak berishim kerak” degan shior barcha darajalardagi rahbarlar faoliyatida bosh qoida boʻlishi shartligi qayd etildi.

Prezidentimiz aholi murojaatlari bilan ishlashning joriy holatini tahlil qildi.

Mamlakatimizda har oʻn ming kishiga oʻrtacha 319 ta ariza va shikoyat toʻgʻri kelmoqda. Biroq bu koʻrsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.

Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangiyer shaharlarida har oʻn ming aholiga toʻgʻri keladigan arizalar soni boshqa hududlarga nisbatan ikki barobar yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, respublika boʻyicha murojaatlar soni 16 foizga kamaygan boʻlsa-da, Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqalʼa tumanlari va Namangan shahrida mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 50 foizgacha oshgani koʻrsatib oʻtildi. Qator tuman va shaharlarda hokimlar va idoralar mutasaddilarida sayyor va shaxsiy qabullar oʻtkazishga yuzaki qarash saqlanib qolayotgani qayd etilib, bunday yondashuv qatʼiy tanqid ostiga olindi.

Oʻtgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning oʻzi rahbarlik qilishi belgilangan edi. Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm va Sirdaryoda rahbarlarning shaxsan shugʻullangani natijasida murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi koʻtargan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal boʻlayotgani taʼkidlandi.

Lekin boshqa hududlarda bu borada keskin oʻzgarish qilinmagani koʻrsatib oʻtildi. Masalan, Toshkent shahridagi 170 ming va Toshkent viloyatidagi 110 ming murojaatning yarmidan koʻpi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand va Toshkent shahrida takroriy murojaatlar koʻpaygan.

Shu maʼnoda, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar oʻz vaqtida hal etilmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqarganidan keyingina chora koʻrilishi aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda aholidan eng ko‘p murojaatlar yuborilayotgan sohalar va ularga mas’ul idoralar faoliyati, shu jumladan ichki ishlar, majburiy ijro, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya, energetika, infratuzilma va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Masalan, o‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 mingta murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro byurosi ariza tushganda undirish chorasini koʻrayotgan boʻlsa-da, aliment toʻlovchining rasmiy daromadi boʻlmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal boʻlmay qolmoqda.

Bu borada aliment toʻlovchilarning qanchasi kasbga ega boʻla turib ishsiz yurgani, qanchasini oʻqitish kerakligini tahlil qilishmayotgani, shu asosda bandlik boʻlimlari va “mahalla yettiligi” bilan yaqin hamkorlikda ish tashkil qilish muhim ekani qayd etildi.

Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni oʻqitib, xorijdagi yuqori daromadli ish oʻrinlariga yuborish tizimi yaratilgan, lekin aliment majburiyati bor fuqarolar bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Aliment toʻlovchilarga ham xorijda ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratish maqsadida ayni paytda aliment oluvchining huquq va manfaatlarini ishonchli taʼminlagan holda har ikki tomon uchun manfaatli boʻladigan adolatli mexanizm boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

Ichki ishlar vakolatidagi masalalar, ayniqsa, xodimlarning qoʻpol muomalasi va tergov sifati boʻyicha eʼtirozli murojaatlar kelib tushayotgani qayd etildi. Tizim masʼullari bu haqda eng koʻp murojaat kelib tushayotgan hududlarda profilaktika inspektorlari va tergovchilarning kasbiy saviyasi hamda muomala madaniyatini oshirish bilan tizimli shugʻullanishi, ichki ishlar idoralarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish ishlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Energetika, yoʻl va suv infratuzilmasi boʻyicha 2025-yilda yuborilgan murojaatlar 109 mingdan oshgani aytildi. Ayniqsa, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdargʻom, Shoʻrchi, Denov, Gʻuzor, Qamashi, Dehqonobod, Sharof Rashidov tumanlari, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida infratuzilma boʻyicha murojaatlar koʻpaygan.

Joriy yilda bu masalalarni hal qilish uchun 20 trillion soʻm ajratilgani, hokimlar ushbu mablagʻni, avvalo, eng koʻp shikoyat tushayotgan mahallalarga yoʻnaltirsa, aholi roziligi ham, murojaatlar soni ham kamayishi taʼkidlandi.

“Tashabbusli budjet” dasturi mahalla aholisining ogʻirini yengil qilishda katta samara berayotgani eʼtirof etildi. Biroq infratuzilma yuzasidan 25 mingta ariza kelib tushgan 2 mingta mahalla biror marta ham ushbu dasturda loyiha joylashtirmagani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga Xalq qabulxonalariga kelgan murojaatlarni tahlil qilib, bunday mahallalarga loyiha tayyorlashda koʻmaklashish topshirildi.

Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralar murojaatlarga yechim berish oʻrniga yuzaki javob bilan cheklanayotgani tanqid qilindi. Xususan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga amaliy yechim bermagan.

Umuman, qayd etilgan kamchiliklar boshqa vazirlik va idoralar, hokimliklarga ham tegishli ekani, ular murojaatlar bilan ishlashni chuqur tahlil va mas’uliyat asosida tashkil etishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz murojaatlar bilan ishlash tizimini oʻzgartirish vaqti kelganini taʼkidlab, hokimliklar, vazirlik va idoralarga faqat koʻtarilgan masalani hal qilish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrganish, murojaatlarga olib kelayotgan omillarni aniqlab, ularni kamaytirish bilan tizimli ravishda shugʻullanishga topshiriq berdi.

Shu bois, Xalq qabulxonalari faqat ariza qabul qiluvchi idora emas, balki soha va joylardagi muammolarga ularga tegishli masʼul idoralarning eʼtiborini tortadigan, ular bilan birgalikda tahlil va yechim taklif qiladigan markazga aylantirilishi belgilandi.

Prezidentimiz yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi. Aliment toʻlovchilarning bandligini taʼminlash, oyliklar kechiktirib toʻlanishining oldini olish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, davlat idoralari xodimlari ustidan shikoyatlar, uy-joy bilan taʼminlash, nafaqat tayinlash kabi masalalarda manzilli ishlash yoʻllari va buning uchun masʼullar belgilab berildi.

Har bir ariza va shikoyatni chuqur tahlil qilib, masʼullar kesimida taqsimlab, birinchi yarim yillikda Qarshi shahrini murojaatlar bilan ishlash boʻyicha namunaviy hududga aylantirish topshirildi. Bu jarayonda viloyat hokimi, uning oʻrinbosarlari va hududdagi tashkilotlar rahbarlari unga yaqindan koʻmaklashishi belgilandi.

Umuman, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlariga Qarshi shahri misolida koʻrsatilgan tizimni samarali yoʻlga qoʻyib, odamlarning ogʻirini yengil qilish vazifasi qoʻyildi. Bu boradagi ish rejalari har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlanib, aholiga yetkazib boriladi.

Yigʻilishda Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jalb qilish, murojaatlarni tizimli tahlil qilish boʻyicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oy Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazadi, ijrosini nazorat qiladi. Odamlarning kayfiyatiga taʼsir qilayotgan masalalar boʻyicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli yoʻnalishlar boʻyicha takliflarni Hukumatga kiritadi.

Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Koʻtarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.

Xalq qabulxonalariga murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy koʻrsatmalar berish vakolati berilishi, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha davlat idoralari reytingi yoʻlga qoʻyilib, har olti oyda eʼlon qilib borilishi belgilandi.

Murojaatlar bilan ishlashda “mahalla yettiligi”ning masʼuliyati ham keskin oshiriladi. Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi, u yoshlar yetakchisi va mahalla raisi tomonidan yuritiladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini oʻrganib, kunlik maʼlumotlarni hokimlarga taqdim etib boradi.

Shuningdek, murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora koʻriladi, murojaatlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo kuchaytiriladi.

Prezidentimiz yana bir muhim masalaga toʻxtalib oʻtdi. Davlat siyosati va islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilash, vazirlik va idoralarda toʻgʻri qarorlar qabul qilinishida, umuman, aholi kayfiyati va uni oʻylantirayotgan masalalarni bilishda murojaatlar bilan bir qatorda sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham muhim manba ekani taʼkidlandi.

Shu bois, bunday tadqiqotlarning koʻlami va sifatini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Endilikda bir martalik ijtimoiy soʻrovlar bilan cheklanilmay, qayerda ishonch ortayotgani, qayerda susayayotgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani boʻyicha doimiy monitoring va tahlillar oʻtkazilishi belgilandi.

Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish topshirildi.

Ijro intizomi masalalari ham koʻrib chiqilar ekan, berilgan har bir topshiriqning real ijro holati boʻyicha kundalik nazorat oʻrnatish, masʼuliyatni his qilmagan, sustkashlikka yoʻl qoʻygan rahbarlar haqida xolis axborot kiritib borish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda hududlar va masʼul idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish