O‘zbekiston diplomatlari Polshadagi vatandoshlar bilan profilaktik uchrashuvlar o‘tkazmoqda
Mart 09, 2026. 12:35 • 2 daq
• 134VARSHAVA, 9-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari turli huquqbuzarliklar, internetda noto‘g‘ri maʼlumotlar tarqalishi, vatandoshlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilishning oldini olish maqsadida chet eldagi yurtdoshlar bilan profilaktik uchrashuvlar tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlar o‘zbek restoranlari, xostellar va O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan ish joylarida bo‘lib o‘tdi. Hamyurtlar bilan muloqot jarayonida ularning mehnat va yashash sharoitlari ko‘zdan kechirildi, yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yurtdoshlar bilan noqonuniy migratsiya, hujjatlarni qalbakilashtirish, viza va yashash uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda firibgarlik, internetda ishlash bo‘yicha shubhali takliflar bilan bog‘liq xavflarning oldini olish borasida fikr mulohaza almashildi. Vatandoshlarga o‘zlari faoliyat yuritayotgan davlat qonunlariga rioya qilish zarurligi eslatib o‘tildi.
Uchrashuvlarda 200 nafarga yaqin kishi qamrab olindi. Shundan 135 nafar fuqaro konsullik hisobiga qo‘yildi, 33 nafar fuqaroga konsullik xizmati ko‘rsatildi, 25 nafardan ortiq vatandoshlarimizga huquqiy maslahatlar berildi.
Elchixona diplomatlari xorijda ishlayotgan xotin-qizlarimizni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, ularni ishga joylashtirish va huquqiy maqomini qonuniylashtirish bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Xotin-qizlarga ishonchli ish beruvchilar haqida maʼlumot berilib, ish topishda ko‘maklashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




