Logo

Diplomatlarimiz Marsel va Avinyon shahrida qator kelishuvlarga erishdi

Mart 07, 2026. 13:40 • 3 daq

82
Diplomatlarimiz Marsel va Avinyon shahrida qator kelishuvlarga erishdi
Diplomatlarimiz Marsel va Avinyon shahrida qator kelishuvlarga erishdi
Diplomatlarimiz Marsel va Avinyon shahrida qator kelishuvlarga erishdi

PARIJ, 7-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Fransiyaning Marsel va Avinyon shaharlariga tashrif buyurib, qator shbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Marsel shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Marsel Provans Savdo-sanoat palatasi (CCIAMP) rahbariyati bilan suhbat o‘tkazildi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Provans–Alp–Lazur qirg‘oqlari hududi o‘rtasidagi mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqot jarayonida ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, fransuz kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma biznes tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

Provans-Alp-Lazur qirg‘oqlari mintaqasi prezidenti Reno Myuzelye bilan suhbatda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Toshkent viloyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelgusida Provans-Alp-Lazur qirg‘oqlari mintaqasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya Kichik va o‘rta korxonalar konfederatsiyasining mintaqaviy bo‘limi – “CPME Sud” direktori Alen Gargani bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar biznes-missiyalar tashkil etish, kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda sanoat, xizmatlar, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalarida sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

“CIS Group” kompaniyasi bosh direktori Yan Morilon bilan suhbatda kompaniyaning O‘zbekistondagi sanoat, energetika va tog‘-kon obyektlariga xizmat ko‘rsatish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston diplomatlari safar doirasida Fransiyaning Provans shahrida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya infratuzilmasi sohasidagi yetakchi operatorlaridan biri “Société Canal de Provence” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Kompaniya vakillari bilan suhbatda O‘zbekiston hududlarida irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro muloqot davomida barqaror suvdan foydalanish texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya yechimlarini joriy etish sohasida tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Avinyon shahrida “Markaziy Osiyo kunlari” loyihasi koordinatori Natali Konio-Koven bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Fransiyada o‘zbek madaniyati va sanʼatini keng targ‘ib qilish, jumladan, Avinyon festivalida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida 2027-yilda Avinyonda “O‘zbekiston kunlari”ni o‘tkazish hamda mintaqa madaniy tadbirlarida o‘zbek vakillarining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Marsel shahrida “Théâtre des Calanques” teatri direktori Serj Noyel bilan uchrashuv tashkil etildi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Fransiya teatr muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Teatr jamoalari almashinuvi, gastrollar, qo‘shma sahna asarlarini tayyorlash, rejissyorlar, aktyorlar va texnik mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

“UP13” korxonalar uyushmasi prezidenti Filipp Korchiya bilan muloqotda O‘zbekiston va Provans-Alp-Lazur qirg‘oqlari mintaqasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘g‘itlar ishlab chiqarish, infratuzilma, axborot texnologiyalari, suv taʼminoti va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish