Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi

May 19, 2026. 10:25 • 2 daq

99
Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xanchjou shahrida O‘zbekiston–Xitoy taʼlim va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi

XANCHJOU, 19-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi xodimlarining Xitoyning Xanchjou shahriga amaliy safari doirasida qator uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Chjeszyan moliya va iqtisodiyot universiteti rahbariyati, ushbu oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda “Ramunion” jamg‘armasi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Suhbat jarayonida universitet vitse-prezidenti Chjen Tao hozirgi kunda xorijlik talabalar, jumladan o‘zbekistonlik yoshlar uchun to‘laqonli taʼlim olish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini taʼkidladi. Talabalarning o‘qish jarayoni bilan bog‘liq masalalarni hal etishda universitet doimiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi.

Mazkur universitet 1974-yilda Chjeszyan provinsiyasining Xanchjou shahrida tashkil etilgan bo‘lib, iqtisodiyot, moliya va menejment sohalariga ixtisoslashgan. Unda qariyb 22 ming talaba tahsil oladi, ular orasida 25 nafar o‘zbekistonlik yoshlar ham bor.

Oliy taʼlim muassasasi har yili o‘zbekistonlik talabalar uchun 5 ta grant ajratadi. Uchrashuvda grantlar sonini 10–15 tagacha oshirish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

Universitet qoshidagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti direktori Chjen Yali so‘nggi yillarda Chjeszyan provinsiyasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalari sezilarli darajada kengayganini qayd etdi.

“Ramunion” jamg‘armasi xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbari Gu Venyu so‘nggi yillarda dunyoda tabiiy va texnogen ofatlar soni ortib borayotgani, bu esa xalqaro qutqaruv hamkorligini kuchaytirish zaruratini oshirayotganini taʼkidladi.

Ushbu jamg‘arma 2003-yilda Xanchjou shahrida tashkil etilgan bo‘lib, keksalar va nogironlarga favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Hozirda u 17 davlatda faoliyat yuritib, 30 mingdan ortiq ko‘ngilliga ega.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida favqulodda vaziyatlar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma treninglar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish