Shveysariya matbuoti: Namangan Markaziy Osiyoning asosiy madaniy turizm markaziga aylanib bormoqda

May 19, 2026. 10:55 • 2 daq

3
Shveysariya matbuoti: Namangan Markaziy Osiyoning asosiy madaniy turizm markaziga aylanib bormoqda

JENEVA, 19-may. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning “Diva International” elektron nashri va “International Diplomat” jurnalida O‘zbekistonning sayyohlik va madaniy salohiyatini rivojlantirish hamda Namangan gullar festivalining xalqaro ahamiyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xorijiy nashrlardagi maqolalarda yozilishicha, bugungi kunda Namangan Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan madaniy turizm markazlaridan biriga aylanmoqda.

Mualliflar Namanganda Xalqaro gullar festivalining o‘tkazilishi O‘zbekistonning milliy madaniy merosini jahon miqyosida targ‘ib qilish va xalqaro turistik hamkorlikni kengaytirish borasidagi izchil strategiyasini namoyon etishini alohida taʼkidlagan.

Nashrlarda qayd etilganidek, bir millionga yaqin xorijiy mehmonni qabul qilishi mumkin bo‘lgan navbatdagi 65-Xalqaro gullar festivaliga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Birgina festivalga bunday yuksak eʼtiborning qaratilishi xalqaro hamjamiyatning mintaqaga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani hamda uning jahon sayyohlik xaritasidagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Namangandagi festival allaqachon mahalliy tadbir doirasidan chiqib, madaniy tashabbuslar, taʼlim loyihalari va ishbilarmonlik forumlarini o‘zida jamlagan ko‘p qirrali xalqaro platformaga aylanib ulgurgani taʼkidlangan. Joriy yilgi dasturga kiritilgan ekologiya, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq tadbirlarning ahamiyati alohida qayd etilgan.

Shveysariya nashrlari festivalning madaniy-gumanitar samarasiga ham eʼtibor qaratgan. Ularning baholashicha, bunday keng ko‘lamli tadbirlarning o‘tkazilishi madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish va O‘zbekistonning xorijdagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida mualliflar Namangandagi Xalqaro gullar festivali mintaqaviy tashabbuslar qanday qilib xalqaro ahamiyat kasb etishi va jahon madaniy makonining bir qismiga aylanishi mumkinligining yorqin namunasi ekanini taʼkidlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish