O‘zbekiston vakillari “Texnoprom-2026” tibbiy turizm forumining sessiyasida ishtirok etdilar
Avgust 29, 2026. 13:30 • 2 daq
• 47
NOVOSIBIRSK, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Texnologik rivojlanish bo‘yicha XIII Xalqaro “Texnoprom–2026” forumi doirasida mamlakatimiz bosh konsuli Aslam Akbarov MDH davlatlarida tibbiy turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan panel sessiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Novosibirsk viloyati Savdo, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbarlari, shuningdek, hududning yetakchi turoperatorlari ishtirok etdi.
Bosh konsul Aslam Akbarov taʼkidlaganidek, O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati o‘rtasida tibbiy turizm sohasidagi hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida 25–26-avgust kunlari Toshkentda tarixda ilk bor “Xalqaro tibbiy turizm forumi” o‘tkazilganini qayd etish mumkin.
Ayni paytda Novosibirskdagi ikki tibbiyot klinikasi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish bo‘yicha aniq qadamlarni eʼlon qildi. Bular – “Zdravitsa” oilaviy tibbiyot markazlari tarmog‘i va “Doktor Puzirevskiy oftalmologiya klinikasi”.
Novosibirsk viloyati Savdo, sanoat va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Grishuninning fikricha, Savdo, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish vazirligi Novosibirskdagi xususiy tibbiyot klinikalariga nafaqat O‘zbekistondagi hamkasblari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, balki Bosh konsulxona bilan birgalikda istiqbolli hamkorlarni topishda ham faol ko‘mak berishga tayyor.
Muloqot davomida panel sessiyasi ishtirokchilari Novosibirsk shahri va viloyati aholisi orasida tibbiy turizm yo‘nalishiga talab yuqori ekanini taʼkidladilar. Bunda o‘zbekistonlik mutaxassislarning, jumladan, stomatologiya sohasidagi yuqori darajadagi tibbiy tayyorgarligi muhim omil sifatida qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi