II O‘zbekiston-Pokiston virtual turizm forumi ishtirokchilari hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib oldilar

Avgust 22, 2026. 12:16 • 3 daq

198
II O‘zbekiston-Pokiston virtual turizm forumi ishtirokchilari hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib oldilar

ISLOMOBOD, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida II O‘zbekiston–Pokiston virtual turizm forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi, ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbariyati, yetakchi sayyohlik agentliklar, turoperatorlar, aviakompaniyalar va mehmonxona boshqaruvi vakillari ishtirok etdi.

Forum O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning kirish nutqi bilan ochildi. Diplomat O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, mazkur ijobiy dinamika turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini qayd etdi.

Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy va madaniy rishtalar, Buyuk Ipak yo‘li, Boburiylar merosi, umumiy ma’naviy qadriyatlar ushbu sohadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim omil sifatida xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari alohida taqdimot o‘tkazdi. Unda mamlakatimizda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, turistik infratuzilmani rivojlantirish, yangi turistik majmualar barpo etish, transport va mehmonxona infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekistonning madaniy-tarixiy, ziyorat, gastronomik, ekologik, tog‘-chang‘i va boshqa turizm yo‘nalishlari bilan bir qatorda MICE-turizm sohasidagi salohiyatiga e’tibor qaratildi. Zamonaviy mehmonxonalar, kongress markazlari va xalqaro tadbirlarni o‘tkazishga ixtisoslashgan majmualar barpo etilgani, xususan, «Silk Road Samarkand», «Arda Khiva» kabi zamonaviy infratuzilmalar xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazmalar, korporativ anjumanlar va boshqa MICE tadbirlarini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, «Amirsoy», «Zomin» va «Bildirsoy» kabi zamonaviy tog‘-chang‘i kurortlari xorijiy sayyohlarda katta taassurot qoldirmoqda.

So‘nggi ikki yil ichida Toshkentdan Islomobod va Lahor shaharlariga 6 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri va muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, joriy yil 3-sentyabr sanasidan boshlab esa «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan «Toshkent-Karachi-Toshkent» yo‘nalishida ham parvozlar ochilishi urg‘ulandi.

Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi Aftab Rana o‘z ma’ruzasida, Pokiston hukumati O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatimiz tajribasi o‘rganishga katta qiziqish bildirayotganini bildirdi.

O‘zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisi Hamid Mahmud so‘nggi yillarda O‘zbekiston turizm sohasida, jumladan Pokiston bilan hamkorlikni rivojlantirish katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan turistik mahsulotlarini o‘zaro targ‘ib qilish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish, ziyorat turizmi, MICE va biznes-turizmi yo‘nalishlarini rivojlantirish, turistik kompaniyalar o‘rtasida B2B shaklidagi uchrashuvlarni uyushtirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish