O‘zbekistonlik yoshlar Shvetsiyaning nufuzli ta’lim dasturi grantlarini yutishdi
Aprel 27, 2026. 08:10 • 2 daq
• 257
STOKGOLM, 27-aprel. /«Dunyo» AA/. Shvetsiya hukumatining maxsus tashkiloti - Shved instituti (Swedish Institute) 2026/2027 o‘quv yili uchun rivojlanayotgan mamlakatlarga mo‘ljallangan "Global professionallar" magistrlik dasturi g‘olib davlatlari vakillarini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ilk bor ushbu dasturda ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari jami 4 ta stipendiya yutgan.
O‘zbekistonlik yoshlar muhim fan yo‘nalishlarida – robotizatsiya va avtomatizatsiya, tibbiyot, data-baza fani va arxeologiya – g‘olib bo‘lgani ahamiyatlidir.
G‘olib o‘zbekistonlik stipendiantlar shu yilning avgust-sentyabr oyida Shvetsiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida to‘liq grant asosida magistr darajasida o‘qishni boshlashi kutilmoqda.
“Global professional” («Swedish Institute Scholarships for Global Professionals» (SISGP) dasturiga muvofiq, g‘oliblarining magistratura ta’limi to‘liq grant asosida, shuningdek, ularning Shvetsiyaga kelib-ketish xarajatlarining qoplanishi bilan bir vaqtning o‘zida oylik stipendiyalar ham beriladi.
O‘zbekiston "Global professionallar" dasturiga 34-chi sherik mamlakat sifatida, mamlakatimiz elchixonasi sa’y-harakatlari bilan 2025-yil dekabrida qabul qilingan edi. Bugunga qadar O‘zbekiston Markaziy Osiyodan yagona ushbu nufuzli dasturda ishtirok etayotgan mamlakatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi