Malayziya Bosh vaziri “MAHA-2026” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilyoniga tashrif buyurdi
Sentabr 07, 2026. 17:30 • 2 daq
• 191
SERDANG, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning Selangor shtati Serdang shaharchasida bo‘lib o‘tgan Malayziya qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va agroturizm “MAHA-2026” xalqaro ko‘rgazmasida mamlakat Bosh vaziri Anvar Ibrohim qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Muhammad Sabu hamrohligida O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh vazirga ushbu nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston ilk marotaba ishtirok etayotgani taʼkidlanib, yurtimizda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda milliy hunarmandchilik namunalari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Anvar Ibrohim O‘zbekiston mevalari, xususan, sarxil va quritilgan mahsulotlar hamda milliy taomlarning o‘ziga xos mazasi va yuqori sifatini mamnuniyat bilan eʼtirof etib, o‘zbek mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini alohida taʼkidladi.
Malayziya hukumati rahbari mamlakatning “Mearque Group” kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yerlarida masofadan boshqariladigan elektron qurilmalardan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida agrar sohadagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, tajriba va texnologiyalar almashinuvini jadallashtirish maqsadida Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochish tashabbusi ham muhokama qilinib, Malayziya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Malayziya Bosh vaziri “MAHA-2026” ko‘rgazmasining yopilishi marosimida ishtirok etib, tadbir yakunlari bo‘yicha tashrif buyuruvchilar soni 4,3 million kishiga yetgani, unda 2 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashgani hamda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 97 ta kelishuvlar imzolanganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi