Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi o‘z ishini boshladi
Sentabr 28, 2026. 11:00 • 2 daq
• 97TOSHKЕNT, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik” mavzusiga bag‘ishlangan inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro forumda onlayn va oflayn formatlarda 200 nafardan ortiq ekspert ishtirok etmoqda. Forum dasturidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl va boshqalarning so‘zga chiqishi rejalashtirilgan.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov har ikki yilda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro konferensiya qisqa vaqt ichida inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va samarali yechimlar topish uchun noyob muloqot maydoniga aylanganini ta’kidladi.
Bu galgi forum qator muhim sanalarga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil, Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganiga 40 yil hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganiga 30 yil to‘ladi.
Forumda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi zamonaviy global xatarlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlar ochish bilan bir vaqtda, yangi huquqiy va axloqiy xavflarni ham keltirib chiqarmoqda.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini takomillashtirish, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda.
Dasturga muvofiq, forumning birinchi kuni Toshkentda ikkita yalpi majlis va yettita parallel sho‘ba sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kuni tadbirlar Samarqand shahrida davom etib, u yerda yakuniy yalpi majlis bo‘lib o‘tadi. Unda forumning Yakuniy hujjatini muhokama qilish va qabul qilish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

