O‘zbekiston Prezidentining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi
Iyun 26, 2026. 17:50 • 4 daq
• 76
(2026-yil 26-iyun, Toshkent sh.)
Qadrli do‘stlar!
Siz, azizlarni – mamlakatimizning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlarida, nashriyot va matbaa korxonalarida sidqidildan mehnat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni, zahmatkash jurnalistlar, muhtaram faxriylarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Men sizlarni – yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar barcha jurnalistlarni o‘zim uchun doimiy maslakdosh, jonkuyar do‘st deb bilishimni yana bir bor izhor etaman.
Bu yil ushbu qutlug‘ ayyom milliy matbuotimiz asosi – jadid bobolarimiz tomonidan “Taraqqiy” gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, yurtimizda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga 100 yil to‘lgan kunlarda nishonlanayotgani unga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Biz bundan o‘n yil oldin demokratiya, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan ezgu g‘oyaga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni qurishga kirishgan edik. O‘tgan qisqa davrda ko‘p millatli xalqimizning fidokorona va sharafli mehnati bilan bu borada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdik.
Jumladan, jamiyatimizda so‘z erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish borasida eʼtiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaratilgan mustahkam huquqiy asos, berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, uning tarkibida xususiy sektorning ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi kunda qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositalarining 67 foizi, noshirlik subyektlarining 90 foizdan ortig‘i, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, o‘rtacha 15 ming nomdagi jami 60 milliondan ortiq nusxada kitoblar nashr etildi.
Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda axborot sohasini liberallashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, media faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlari hamda axborot xizmatlari bozori kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida eʼtibor qaratish mamlakatimizda ham muhim ko‘nikmaga aylandi. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy taʼlim tizimi shakllantirildi.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Biz erkin va masʼuliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb bilamiz. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yana-da kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini taʼminlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish zarur deb o‘ylayman. Nega deganda, tez o‘zgarayotgan bugungi davrning o‘zi ushbu jamoat birlashmasi oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va informatsion-texnologik yordam ko‘rsatish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy birdamligini taʼminlash kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Bu borada ilk bor mamlakatimiz bo‘ylab uch oy davomida 12 mingdan ortiq soha vakillari, jumladan, yosh jurnalistlarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan Media haftalik tadbirlarini kelgusida ham davom ettirish muhim ahamiyatga ega.
Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli maʼnaviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman.
Muhtaram matbuot ahli!
Fursatdan foydalanib, bugungi quvonchli sana munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Qalamingiz hamisha o‘tkir, so‘zingiz haqqoniy va taʼsirchan, ijodingiz barakali bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi