O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vazirini qabul qildi
Iyun 25, 2026. 21:20 • 2 daq
• 75
TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani eʼtirof etildi.
Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi