O‘zbekiston Prezidenti raisligida profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Iyun 29, 2026. 18:01 • 5 daq
• 124
TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qayd etilganidek, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati xodimlarining xizmat yo‘nalishi va hududidan qatʼiy nazar aholi murojaatiga tezkor munosabat bildirishi juda muhim. Jinoyatchilikning oldini olishda huquqbuzarlik omillarini barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash eng samarali profilaktika hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, shu bilan birga, jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarga tayanish emas, balki aholi ishonchi, huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi, xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Taqdimotda jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi. Bosh maqsad – aholining jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchiga erishishdir.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi baʼzi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari bu katta kuch ekanini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi.
Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qatʼiy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan taʼminlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya taʼminoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, 18 ta modda bo‘yicha maʼmuriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun zamonaviy, vatanparvar va har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Chunki mahalla va tuman darajasida ishlayotgan xodimlar har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan bilim, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lishi shart.
Bu maqsadda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi taʼlim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy taʼlim kvotasini 300 nafargacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Taʼlim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning taʼlim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta taʼlimdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy taʼlim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus maʼlumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik taʼlim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy taʼlim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Dual taʼlim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “taʼlim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual taʼlim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi