O‘zbekiston Prezidenti Nara shahri meri bilan uchrashuv o‘tkazdi
Dekabr 20, 2025. 12:51 • 2 daq
• 209
TOSHKENT, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida bugun Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida urg‘u bergan holda hududlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘tmishi uzoq aloqalarga ega bo‘lgan Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgani yuqori baholandi. Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi bo‘lgani taʼkidlandi. Bu shaharlar sivilizatsiyalar o‘rtasidagi madaniy ko‘priklar vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.
2027-yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi taʼkidlandi. Ushbu loyiha O‘zbekiston – Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi sharafiga o‘tkaziladigan yirik madaniy tadbir bo‘ladi.
Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi abadiy do‘stlik hamda madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bog‘lardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilinganini eʼlon qildi.
Suhbat davomida ikki birodar shahar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faol rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg shahriga keldi
O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrif yakunlandi