Misr matbuoti: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ekologik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Iyun 30, 2026. 14:00 • 3 daq

44
Misr matbuoti: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ekologik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

QOHIRA, 30-iyun /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada al-Balad” AAda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ekologik hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, iqlim o‘zgarishi va ekologik xavfsizlik masalalari bugungi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ham atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va “yashil” taraqqiyotni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada xalqaro hamkorlik, ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan aloqalar izchil rivojlanib bormoqda.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik muloqot sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi “C5+1” formati doirasidagi ekologiya va energetika masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida muntazam ishtirok etib, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasida tajriba almashish hamda yangi tashabbuslarni ilgari surishga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston mutaxassislarining AQSHda o‘tkazilayotgan xalqaro forumlar, malaka oshirish dasturlari va ekologik taʼlim loyihalarida ishtirok etishi sohadagi zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishga xizmat qilmoqda. Xususan, BMT O‘rmonlar forumi, AQSH Geologiya xizmati bilan hamkorlik hamda “Open World” dasturi doirasidagi tashriflar ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Agentlikda taʼkidlanishacha, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ilmiy hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Toshkentdagi “Green University” hamda Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi o‘rtasida imzolangan memorandum ekologik tadqiqotlarni yana-da rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Dunyoga mashhur iqtisodchi va barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspert Jeffri Saksning O‘zbekistonga tashrifi ham mazkur hamkorlikning amaliy ahamiyatini yana-da oshirdi.

Kelgusida o‘rmon xo‘jaligini boshqarish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, ekologik shaharsozlik va “yashil” infratuzilma sohalarida AQSHning ilg‘or tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Berkli, Stenford, Garvard va Yel kabi nufuzli universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonda yuqori malakali ekolog mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan Global ekologik fondning 8-Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia – 2026” ko‘rgazmasi O‘zbekistonning xalqaro ekologik maydondagi nufuzini yana-da mustahkamladi. Bunday nufuzli tadbirlarda AQSH vakillarining faol ishtiroki ikki davlat o‘rtasidagi ekologik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ekologik hamkorlik alohida loyihalar bilan cheklanmay, uzoq muddatli strategik sheriklik sari izchil rivojlanmoqda. Bu hamkorlik nafaqat ikki mamlakatning ekologik xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlashga ham munosib hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish