O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasini qabul qildi
Iyun 29, 2026. 21:04 • 2 daq
• 81
TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xalqaro valyuta jamg‘armasi “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan jamg‘arma boshqaruvchi direktorining o‘rinbosari Bo Lini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida Bo Li davlatimiz rahbariga Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevaning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Global moliya bozorlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu nufuzli xalqaro institut bilan amaliy hamkorlikni, eng avvalo, o‘tgan yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar doirasida yanada mustahkamlashning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Yurtimizda pul-kredit, valyuta va fiskal siyosatni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda jamg‘arma muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Makroiqtisodiy siyosat strategiyasi va raqamli to‘lovlar tizimini rivojlantirish, kapital harakatini liberallashtirish, milliy statistika metodologiyasi va davlat daromadlarini boshqarishni takomillashtirish hamda erkin valyuta ayirboshlash kursini qo‘llab-quvvatlash masalalarida ekspertlik va texnik ko‘makni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimiz iqtisodiy idoralari uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi