“Vestnik Kavkaza”: O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘zining savdo va parom flotini shakllantirish niyatida
Iyun 30, 2026. 15:00 • 2 daq
• 3
MOSKVA, 29 iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Vestnik Kavkaza” axborot-tahliliy agentligi “O‘zbekistonga savdo va parom floti nima uchun kerak?” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda O‘zbekiston hukumati O‘rta koridorning o‘zbek segmenti o‘tkazuvchanlik quvvatini kengaytirish maqsadida Kaspiy dengizida o‘zining savdo va parom flotini shakllantirish niyatida ekani qayd etilgan.
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, logistikani rivojlantirish davlatlar iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda, chunki transport yo‘nalishlarini nazorat qilish savdoni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Kaspiydagi ishtirokini kuchaytirishga intilishi uzoq muddatli strategiyaning bir qismi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Nashrda qayd etilishicha, shaxsiy kemalarni sotib olish yoki fraxt qilish Toshkentga tashish tezligiga mustaqil taʼsir ko‘rsatish, milliy yuk jo‘natuvchilarni zarur quvvatlar bilan taʼminlash hamda transport bozorining boshqa ishtirokchilari qarorlariga bog‘liqlikni kamaytirish imkonini beradi.
Maqola so‘ngida o‘z savdo flotini yaratish O‘zbekistonning rivojlanishga yangicha yondashuvidan dalolat berishi, o‘n yil avval dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlat uchun bunday tashabbus haqiqatdan yiroq bo‘lib tuyulgan bo‘lsa-da, bugungi kunda bu mantiqiy qadam sifatida ko‘rilayotgani taʼkidlangan.
“Jahon iqtisodiyotining parchalanishi kuchayib borayotgan sharoitda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalana oladigan mamlakatlar ustunlikka erishadi. O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvini o‘zgartira olmasa-da, jahon transport xaritasidagi o‘z o‘rnini mustahkamlashga qodir”, – deya xulosa qilgan “Vestnik Kavkaza”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi