O‘zbekiston Prezidenti So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi
Aprel 09, 2026. 19:21 • 4 daq
• 10
TOSHKENT, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, taʼkidlanganidek, avvallari Soʻx yetib borish qiyin, transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari zaif hududlardan biri edi. Soʻnggi yillarda mintaqaviy hamkorlik va qatʼiy siyosiy iroda tufayli bu hududni kompleks rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Yangi yoʻllar ochildi, chegaradan oʻtish tartiblari yengillashtirildi, tadbirkorlik uchun sharoitlar yaxshilandi, zamonaviy bogʻcha, maktab, poliklinika va uy-joylar barpo etildi.
Bugungi kunda Soʻxdagi 25 ta mahallada 88,6 ming aholi yashaydi. Hududda 29 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 33 ta maktab, 2 ta oʻrta maxsus taʼlim muassasasi, 14 ta sogʻliqni saqlash muassasasi va 2 ta madaniyat obyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida 13 ming 921 ta ish oʻrni yaratildi, 1 ming 667 ta oila kambagʻallikdan chiqarildi.
Umuman, Soʻxdagi oʻzgarishlar shunchaki infratuzilma yangilanishi emas, balki hududning iqtisodiy faolligi oshgani, aholi ishonchi mustahkamlangani va yoshlar uchun imkoniyatlar kengayganining amaliy ifodasidir. Bugungi Soʻx asta-sekin mintaqaviy iqtisodiy tizimga qayta qoʻshilmoqda.
Shu bilan birga, tumanda kambagʻallik darajasi 7,9 foiz, ishsizlik 5,5 foizni tashkil etib, bu koʻrsatkichlar hali ham respublika oʻrtacha darajasidan yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi.
Taqdimotda mutasaddilar joriy yilda tumanga 40 million dollar investitsiya jalb qilish, 15 million dollarlik eksportni taʼminlash rejasi olingani haqida axborot berdi. Buning hisobiga sanoatda 9 foiz, xizmatlar sohasida 17,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 7,6 foiz oʻsishga erishish koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda tumanning turizm salohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Soʻxning betakror tabiati, musaffo havosi, daryolari va salqin iqlimi mazkur sohani iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylantirish imkonini berishi taʼkidlandi. Masalan, Sarikanda, Rovon va Istiqlol mahallalaridan oʻtgan Soʻx daryosi qirgʻoqlarida yangi turizm obyektlarini qursa boʻladi. Yoki bu yerda reabilitatsiya, fizioterapiya, dori-darmon logistikasi va tibbiy taʼlimni bir hududda jamlagan Tibbiy xizmatlar klasterini tashkil etish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Umuman, turizm va xizmat koʻrsatish sohasida 60 million dollar investitsiya jalb qilish, qariyb 2 ming ish oʻrni yaratish, turizm xizmatlari hajmini 15 milliard soʻmga, eksportni esa 2 million dollarga oshirish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
Eng muhim vazifalardan biri sifatida aholi yashashi va mehnat qilishi uchun qulay infratuzilma yaratish, tadbirkorlikni kengaytirish va bandlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Har bir mahallada 10 tadan, jami 300 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 8,6 ming aholi kasb-hunarga oʻqitiladi. Bu loyihalarga banklar tomonidan 64 milliard soʻm kredit resursi yoʻnaltiriladi, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari uchun esa qoʻshimcha 74,5 milliard soʻm ajratiladi.
Transport-logistika masalalari ham atroflicha koʻrib chiqildi. Tumanning boshqa hududlar bilan bogʻliqligini oshirish, chegaradan oʻtishni tezlashtirish hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha amaliy choralar belgilandi.
Aholi daromadining asosiy qismi qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq ekani inobatga olinib, ushbu sohada zamonaviy yondashuvlar va yangi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Masalan, Qayroq massividagi 425 gektar yaylovda mevali bogʻlar, Chashma mahallasidagi 60 gektar yerda zaʼfaron plantatsiyalari, Ozod va Soʻx xoʻjaliklariga qarashli 100 gektar maydonda kartoshka yetishtirish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, Navobod mahallasida baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha loyiha taqdim etildi. Unga koʻra, 50 sotixdan 30 ta hovuz tashkil qilinib, har bir hovuzdan 50 tonnadan forel baligʻi yetishtirish mumkin.
Shu bilan birga, Devayron va Tul-dasht hududlari oraligʻida 8 kilometr uzunlikda oʻzi oqar sugʻorish tarmogʻi qurilishi hisobidan 500 gektar mevali bogʻ va qoʻshimcha 300 gektar ekin maydonini oʻzlashtirish imkoniyati mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari Soʻx tumanini rivojlantirishda eng asosiy maqsad odamlar hayotida sezilarli oʻzgarish qilish, aholi daromadini oshirish, ish oʻrinlari yaratish va hududning transport bogʻliqligini yanada kuchaytirishdan iborat ekanini taʼkidladi. Mutasaddilarga tuman boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi