Logo

O‘zbekiston Prezidenti energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Yanvar 14, 2026. 18:29 • 3 daq

3
O‘zbekiston Prezidenti energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

TOSHKENT, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikamizda binolarning yakuniy energiya isteʼmolidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa energiya isteʼmolini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.

Taqdimotda agentlikning 2026-yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizdagi binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy obyektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obyektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy obyektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etiladi.

Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berildi.

Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

Markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga binolarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va taʼsirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.

Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.

Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr isteʼmol qilayotgan ulgurji isteʼmolchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.

Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz mazkur takliflarni maʼqullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.

Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qatʼiy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini taʼminlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish