O‘zbekiston Prezidenti Bog‘imaydon mahallasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Aprel 23, 2026. 21:30 • 3 daq
• 148
TOSHKENT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yurtimizda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Bu borada 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi mahallalarni zamonaviy asosda rivojlantirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasi bugun ana shunday yangilanishlar natijasida mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgan. 1987 yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.
Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi taʼminlangan.
Hududda yashillikni asrash va ko‘paytirishga ham eʼtibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022-yilda ekobog‘ tashkil etilgan. Qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bog‘ bugun keksayu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan. Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bugun turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.
Prezidentimiz aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mahalla oqsoqollari va faollari bilan muloqot qildi. Obod va fayzli mahalla jamiyat tayanchi ekanini taʼkidlab, tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalla ahli va bolajonlar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, sport maydonchasida mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzining barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi