Logo

Islomoboddan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining Ostona sammitida bildirgan takliflari butun dunyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga qaratilgan

Aprel 24, 2026. 09:00 • 4 daq

157
Islomoboddan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining Ostona sammitida bildirgan takliflari butun dunyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga qaratilgan

ISLOMOBOD, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistondagi Bahriya universiteti professori Adam Saud “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidentining Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitlardagi nutqi bilan batafsil tanishib chiqdim. Davlatingiz rahbari o‘z maʼruzalarida yana bir bor xalqaro jamoatchilik eʼtiborini mintaqaviy ekologik muammolarga, xususan, Orol dengizi inqiroziga qaratdi.

Orol dengizi fojiasi zamonaviy davrda inson tomonidan yuzaga keltirilgan eng yirik ekologik inqirozlardan biri hisoblanadi. Dengiz qariyb 90 foizga chekindi, ortida esa zaharli cho‘l, vayron bo‘lgan ekotizimlar va halokatga uchragan turmush tarzi qoldi. Orol dengizi fojiasidan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat sifatida O‘zbekiston uni saqlab qolish borasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Bu saʼy-harakatlar Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng yanada kuchaydi. O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida o‘tgan yillar davomida mazkur muammo mintaqaviy fojiadan global hamkorlik, innovatsiya va barqaror rivojlanish platformasiga aylantirildi.

Rasmiy Toshkent Orol dengizi muammosini faol ravishda global ekologik masala sifatida ilgari surmoqda. Bu boradagi muhim yutuqlardan biri O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi bo‘ldi.

Ushbu rezolyutsiya Orol mintaqasi duch kelayotgan ekologik halokatning xalqaro miqyosda tan olinishi sifatida baholanishi lozim. Shuningdek, mazkur hujjat O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal etish uchun xalqaro investitsiyalar va texnologik yechimlarni jalb qilish imkonini berdi.

Mazkur muhim hujjatni 60 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi va bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosati va tashabbuskorligini namoyon etadi. Toshkentning yondashuvi oddiy tiklashdan ko‘ra, innovatsiyalarga ustuvor ahamiyat beradi. Bu real yondashuvni anglatadi, yaʼni Orol dengizini to‘liq tiklash ehtimoli past ekanini tan olgan holda, uning salbiy oqibatlarini yumshatish va moslashuv choralarini amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.

BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik jamg‘armasining tashkil etilishi ham ushbu yondashuvning yana bir muhim diplomatik yutug‘i hisoblanadi. Mazkur jamg‘arma zarar ko‘rgan hududlarda sog‘liqni saqlash, ekologik barqarorlikni taʼminlash va aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.

O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Orol dengizining qurigan tubini “Yashil hudud”ga aylantirish loyihasi ham muhim dasturlardan biri hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida mintaqada iqlimga chidamli saksovul daraxtlarini keng miqyosda ekish ishlari olib borilmoqda. Qurib qolgan dengiz tubida o‘rmonzorlar barpo etilishi katta yutuqqa aylandi. Bu tashabbus nafaqat chang bo‘ronlarini kamaytirishga, balki aholi salomatligini muhofaza qilish va Orolbo‘yida bioxilma-xillikni tiklashga ham xizmat qilmoqda.

2025 yil aprel oyida o‘tkazilgan Orol madaniy sammiti ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etildi. Ushbu sammit dunyoning turli burchaklaridan siyosatchilar, olimlar, madaniyat va fuqarolik jamiyati vakillarini jamlab, innovatsion yechimlarni muhokama qilish va xabardorlikni oshirish uchun muhim maydon yaratdi.

O‘zbekistonning mintaqaviy ekologik muammolarga, jumladan, Orol dengizi inqiroziga nisbatan amaliy yondashuvi – madaniy diplomatiya, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi va qurib qolgan dengiz tubini o‘rmonlashtirish ishlari bilan uyg‘un holda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi qatʼiyatini namoyon etadi.

Ostonada o‘tkazilgan mintaqaviy ekologik sammit yakunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlarini yaqqol namoyon etdi. Ushbu sammitda O‘zbekiston Prezidenti umumiy ekologik holatni, ayniqsa, Orol dengizi mintaqasini yaxshilashga bo‘lgan qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Prezidentining Ostona sammitida mintaqaviy ekologik muammolarning oldini olish va Orol dengizi inqiroziga qarshi kurashish borasida bildirgan takliflari nafaqat o‘tmishda yuzaga kelgan ekologik fojiani yumshatishga, balki butun dunyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga barqaror yechimlar topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish