Logo

Imkoniyati cheklangan yoshlarni O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Saudiya tajribasi o‘rganildi

Aprel 24, 2026. 09:30 • 2 daq

153
Imkoniyati cheklangan yoshlarni O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Saudiya tajribasi o‘rganildi

AR-RIYOZ, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan inklyuziv taʼlimni takomillashtirish sohasida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni hamkorligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, mamlakatimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda Malika Nura universiteti vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar faoliyatini takomillashtirish, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning malakasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston vakillari ishtirokchilarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati, xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash va nogironligi bo‘lgan shaxslarning taʼlim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuvda tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Malika Nura universiteti mutaxassislarini jalb etgan holda malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish hamda o‘zbekistonlik pedagoglarning xalqaro onlayn dasturlardagi ishtirokini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.

Tadbir yakunida maxsus va inklyuziv taʼlim sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda natijalarini “Scopus” va “Web of Science” bazalarida indekslanadigan xalqaro ilmiy nashrlarda eʼlon qilishni ko‘zda tutuvchi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish