Logo

Toshkentda aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan ko‘chalar ko‘paymoqda

Aprel 23, 2026. 19:52 • 3 daq

121
Toshkentda aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan ko‘chalar ko‘paymoqda

TOSHKENT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, turizm kam mablagʻ evaziga koʻp ish oʻrni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.

Xususan, Mirzo Ulugʻbek tumanida mazkur salohiyatdan toʻliq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston ovozi koʻchasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborning amaliy ifodasi boʻldi.

Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.

Obyekt 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.

Koʻchaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bogʻ faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari koʻcha boʻylab yurar ekan, zamonaviy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashdi.

Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard soʻmni tashkil etadi. Koʻchada jami 165 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik subyekti uzluksiz ishlash tartibiga oʻtgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Prezidentimizga shu yerning oʻzida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik koʻchalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta koʻcha tun-u kun faoliyat yuritishga oʻtdi. Bu yoʻnalishga 540 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy koʻrsatkichlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Koʻchalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi taʼminlangan.

Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm koʻchasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish oʻrni yaratish rejalari haqida maʼlumot berildi.

Prezidentimiz Mirzo Ulugʻbek tumanida gastronomik turizm koʻchalari sonini yanada koʻpaytirish, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish